Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida bir oilaning ikki a’zosi o‘ldirilib, uyi yoqib ketildi. Bosh prokuratura matbuot xizmati holatni tasdiqladi.

Ma’lum qilinishicha, tumanning Yangiyo‘l mahallasida yashovchi fuqaro Sh.E. 15 fevral kuni soat 3:39 larda tuman IIB navbatchilik qismiga murojaat qilib, qo‘shnisi M.R.ning yashash xonadonida yong‘in bo‘layotganini aytgan. Tezkor-tergov guruhi voqea joyiga yetib borganida fuqaro M.R. va uning voyaga yetmagan farzandi O.H.ning murdasi topilgan. Ular bosh qismidan tan jarohatlari olgan.

Shuningdek, oilaning yana ikki farzandi M.H. va Z.H. bosh sohasidan olgan tan jarohati bilan Uzun tumani tibbiyot birlashmasi jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

Qo‘shimcha qilinishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qotillik) 2-qism “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov xarakatlari olib borilmoqda.

Oldinroq Farg‘onada o‘g‘irlikka tushgan yigit onani bolalari ko‘z o‘ngida o‘ldirgani xabar qilingandi.