Jahon | 08:59 / 18.02.2025
4304
3 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Ukrainada tinchlik shartnomasisiz o‘t ochishni to‘xtatishga qarshi

Yevropa davlatlari Kiyevga xavfsizlik kafolatlarini berishi mumkin, biroq ularning shartlari hali muhokama qilinmagan, deb yozadi Reuters.

Foto: Reuters

Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Polsha, Italiya, Ispaniya va Daniya rahbarlari yaqinda Parijda bo‘lib o‘tgan rejadan tashqari sammitda kelajakda Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlarini berishga tayyor ekanini tasdiqladi. Biroq Yevropaning bu boradagi keyingi qadamlari AQShning harakatlariga bog‘liq bo‘ladi. Bu haqda 18 fevral, seshanbaga o‘tar kechasi Parijdagi inqirozli uchrashuvda muhokama qilinadigan mavzular bilan tanish bo‘lgan yevropalik diplomatlardan biriga tayanib, Reuters agentligi xabar berdi.

«Biz xavfsizlik kafolatlarini taqdim etishga tayyormiz, uning shartlari Amerika qo‘llab-quvvatlash darajasiga qarab har bir tomon bilan ko‘rib chiqiladi», — deya manbaning so‘zlaridan iqtibos keltiradi agentlik.

Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa yetakchilari Ukrainada to‘liq tinchlik kelishuvi imzolanmasdan amalga oshirilsa, o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuv ehtimoli xavfiga ham e’tibor qaratgan.

London Yevropa Ittifoqini «o‘z xavfsizligi uchun javobgarlikni zimmasiga olishga» chaqirdi

Parijdagi sammitning asosiy mavzusi AQShning Ukrainaga nisbatan siyosatidagi keskin o‘zgarishlarga Yevropa qanday javob berishi kerakligi masalasi bo‘ldi. AQSh prezidenti Donald Tramp vakillari Kiyevni bu haqda ogohlantirmasdan, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi tugashini Kreml bilan bevosita muhokama qila boshladi va Vashington tomonidan Ukrainaning nodir metallarini nazorat qilish uchun taklif qilingan shartlar mamlakat uchun xavfsizlik kafolatlarini o‘z ichiga olmagan.

Sammit yakunlari bo‘yicha hech qanday rasmiy bayonot berilmadi, biroq uning ishtirokchilari keyinroq OAVga izoh taqdim etdi. Shu tariqa, Polsha bosh vaziri Donald Tusk yig‘ilishning barcha ishtirokchilari hozirgi vaziyat bo‘yicha «o‘xshash qarashlarga ega» ekanini ma’lum qildi, biroq nima muhokama qilinayotganiga aniqlik kiritmadi.

O‘z navbatida, Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer Yevropa Ittifoqi davlatlarini «yangi davrga kirib borayotganimizni tan olishga va o‘tmishdagi qulayliklarga umidsiz yopishib qolishni bas qilishga» chaqirdi.

«Biz o‘z xavfsizligimiz, qit’amiz uchun mas’uliyatni o‘z zimmamizga olish vaqti keldi», dedi vazir. Biroq Kiyev Vashingtonning qo‘shimcha yordamiga muhtoj, dedi u, «chunki faqat AQSh xavfsizlik kafolatlari Rossiyani Ukrainaga yangi hujumdan samarali tarzda to‘xtata oladi».

Mavzuga oid

E`lonlar