Surxondaryo viloyatida joylaşgan “Yuqori Töpalang” milliy tabiat boğida örnatilgan fotoqopqonga qor qoploni tuşgan. Bu haqda Ekologiya vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinişiça, “Yuqori Töpalang” milliy tabiat boğining Tamşuş hududida 3500–4000 metr balandlikda örnatilgan fotoqopqonga ilk bor qor qoploni tuşgan. Bu holat uşbu hududda qor qoploni yaşayotganidan darak beradi.

Ma’lumotlarga köra, bu yirtqiç muşuksimonlar oilasiga mansub bölib, sovuq iqlim şaroitiga moslaşgan yagona tur sanaladi. U Özbekiston Qizil kitobi, IUCN Qizil röyxati va CITES I ilovasiga kiritilgan bölib, yöqolib ketiş xavfi ostida turgan hayvonlar qatoriga kiradi.

Qiziği şundaki, qor qoplonlari aql bovar qilmaydigan darajada – 15 metrgaça uzunlikka sakraşlari mumkin. Bu ular öz tanasining uzunligidan 6 baravar uzunlikka sakray oladi degani. Bunday qobiliyat ularga toğlarda ov qilişda, toşloq yerlardan bemalol ötişda yordam beradi.

Ma’lumot uçun, “Yuqori Töpalang” milliy tabiat boği 2022 yil mart oyida Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida taşkil etilgan. Boğ Hisor tizmasining janubi-ğarbiy yonbağirlarida joylaşgan bölib, dengiz sathidan 930 metrdan 3700 metrgaça bölgan hududni öz içiga oladi. Hududda 46 turdagi fauna vakillari yaşaydi, ulardan 20 tasi Özbekiston Qizil kitobiga kiritilgan.