Jurnalistika sahnasi ortida ko‘pchilikka ko‘rinmaydigan mashaqqatli mehnat va sabr yotadi. Sohaga ishtiyoq bilan kirib kelganlar ko‘p, ammo qiyinchiliklarni yengib, faoliyatini davom ettirayotganlar sanoqli. Kun.uz’ning bu galgi qahramoni jamiyatdagi dolzarb masalalarni yoritish bilan tanilgan, 70 dan ortiq teledasturlar muallifi, 28 yillik tajribaga ega jurnalist Nozima Vohidova. U Kun.uz muxbiri bilan suhbatda duch kelgan to‘siqlari, kadrorti haqiqatlari hamda saratonni qanday yengib o‘tgani haqida so‘zlab berdi.

Jurnalistika – qismat

Aslida odam o‘z kasbi bilan tug‘iladi deyishgani rost. Bolaligimda uyimizga kelgan mehmonlar bilan gaplashish, ularning suhbatini tinglash yoqardi. Xonadonimizga akademik Vohid Abdullayev va akademik Botirxon Valixo‘jayev kabi ilm odamlari ko‘p kelardi, katta tayyorgarlik ko‘rardik. Aka-opalarim ularning oldiga choy olib kirishga hayiqib tursa, men uchun mehmonlar bilan suhbatlashish haqiqiy zavq edi. Ularning maqtovidan rag‘bat olardim. Bu qiziqishimni shunchaki mehmon kutish emas, balki jurnalistikaga ilk qadam deb bilaman. Uyda har doim oila a’zolarim bilan intervyular o‘tkazar, qishloqdagi hovlimizda sahna yasab, qo‘shnilarni chaqirib kichik tomoshalar uyushtirar, konsertlar qo‘yardim. Jurnalist shunaqa bo‘ladi, deb o‘ylaganman-da. Olqishlar yoqardi, shu sabab dadam “shuhratparast” deb chaqirardi.

Oltinchi sinfdan paxta terimiga chiqqanmiz. Ovqat solingan tuguncha va ketmon bilan dalaga saharlab borib, agatlarni egallab olardik. Daladagi zahmatli mehnat hozirgi jurnalistik faoliyatim uchun ilhom manbai bo‘lib xizmat qilgan. U yerda ayollarning erlari tomonidan kaltaklanishi, oiladagi turli nizolar haqida atrofdagi odamlardan turli xabarlar eshitardim va ayollarning kamsitilishiga jim qarab turmaslik kerak, degan fikrlar o‘tardi xayolimdan.

Terimda odamlar ustidan samolyot orqali dori sepib ketilardi, bu bolalarga yomon ta’sir qilar va ayrimlarning mazasi qochib qolardi. Dori sochilayotgan vaqtda hamma etagi bilan boshini yopsa, men samolyotga tikka qarab turardim, jarayonning qanday bo‘lishiga qiziqardim va nima uchun insonlar salomatligi, manfaati himoya qilinmasligi o‘ylantirardi. O‘sha vaqtlarda bu kabi mavzularni maqola qilib yozaman, odamlar muammolarini hal qilishga yordamlashaman, degan maqsad qo‘yganman.

Maktabni tamomlash arafasida dadamga jurnalistika sohasida o‘qishni davom ettirishni xohlashimni aytdim. Buxoroda bu yo‘nalishda ta’lim olish imkoni yo‘qligi sabab Toshkentga kelishimga ruxsat berilmadi. Otam rus tili fakultetida o‘qishim va hokim o‘rinbosari bo‘lishim mumkinligini, menda tashabbuskorlik borligi, “kichkina joylarga sig‘masligim”ni ta’kidlardi. “Hokim o‘rinbosari bo‘lasan, katta-katta davralarda nutq irod qilib yurasan”, – derdilar doim.