AQSh prezidenti Donald Tramp Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 28 fevral kuni Vashingtonga tashrif buyurishini ma’lum qildi. Bu haqda u Vazirlar mahkamasining birinchi yig‘ilishini ochib berish vaqtida ta’kidlab o‘tdi.
«Rossiya va Ukraina bilan ishlarimiz juda yaxshi ketmoqda. Prezident Zelenskiy juma kuni keladi. Va biz juda katta bitimni imzolaymiz. Men Govard [savdo vaziri] va Skottga [moliya vaziri] barchasini bir joyga to‘plab, qilgan ishlari uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman. Sizlar rostdan ham ajoyib ishni amalga oshirdingiz. Bu mineral va boshqa materiallarga tegishli», — deydi Tramp.
Uning qo‘shimcha qilishicha, AQSh Kiyevga ko‘rsatgan yordami uchun «kelajakda ko‘p pul» oladigan «bitimni tuzishga muvaffaq bo‘lgan. «Barchasi yo‘lga qo‘yildi. Biz mamnunmiz», — deydi Tramp.
Avvalroq Ukraina prezidenti AQSh bilan mamlakatdagi tabiiy resurslarni o‘zlashtirish bo‘yicha kelishuvga erishilganini tasdiqlagandi. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, u Amerika tomoni bilan muzokaralarda ko‘targan asosiy savollar bitim matnida to‘g‘ri aks ettirilgan.
AQSh va Ukrainaning tabiiy resurslarga bog‘liq bitimi matnida, shuningdek, xavfsizlik kafolatlari haqida ham so‘z boradi: «AQSh hukumati Ukrainaning tinchlik o‘rnatish uchun zarur bo‘lgan xavfsizlik kafolatlarini olishga bo‘lgan sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi».

















