Olaf Shols Ukraina Germaniya va Yevropaga ishonishi mumkinligini aytdi. Germaniya kansleri Donald Trampning Kiyev AQSh bilan resurslar bo‘yicha kelishuv imzolamasa, uni qo‘llab-quvvatlashdan voz kechish haqidagi tahdidiga shunday javob berdi.

Germaniya kansleri Olaf Shols 28 fevral, juma kuni kechqurun AQSh prezidenti Donald Tramp bilan Vashingtondagi uchrashuv chog‘ida yuzaga kelgan janjal ortidan Ukraina va uning prezidenti Volodimir Zelenskiyni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

«Hech kim ukrainaliklardan ko‘ra ko‘proq tinchlikni xohlamaydi. Shuning uchun biz doimiy va adolatli tinchlikka erishish uchun umumiy yo‘lda ishlayapmiz. Ukraina Germaniyaga — va Yevropaga tayanishi mumkin», deb yozgan X ijtimoiy tarmog‘ida Shols. Bu uning Trampning Kiyev nodir metallar bo‘yicha kelishuv imzolamasa, uni qo‘llab-quvvatlashdan voz kechish tahdidiga javobi bo‘ldi.

Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok ham Ukraina «yolg‘iz emas» va «Germaniya, Yevropa va boshqa mamlakatlarning sobit qo‘llab-quvvatlashiga ishonishi mumkinligi»ni ta’kidladi.

Bundestag saylovlarida g‘alaba qozongan konservativ XDI/XSI bloki yetakchisi va Germaniyaning bo‘lajak kansleri Fridrix Mers o‘z navbatida shunday deb yozdi: "Hurmatli Volodimir Zelenskiy, biz Ukrainani yaxshi kunlarda ham, og‘ir damlarda ham qo‘llab-quvvatlaymiz".

«AQSh ma’muriyatining xatti-harakati Yevropa o‘z kelajagini o‘z qo‘liga olishi kerakligini yana bir bor ko‘rsatmoqda. Biz birgalikda barcha darajalarda kuchliroq bo‘lishimiz kerak. Germaniya oldinga intilishi kerak. Jumladan, Ukrainaga yordam berish uchun ham», — deydi Germaniya Sotsial-demokratik partiyasi hamraisi Lars Klingbayl.

Yevropalik siyosatchilarning Oq uydagi mojaroga munosabati

«Ukraina — Yevropa! Biz Ukraina yonidamiz. Biz Ukrainani bosqinchiga qarshilik ko‘rsatishda davom etishi uchun qo‘llab-quvvatlashni kuchaytiramiz. Bugun erkin dunyoga yangi yetakchi kerakligi ma’lum bo‘ldi. Biz, yevropaliklar, bu chaqiriqni qabul qilishimiz kerak», deb yozdi Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Kaya Kallas X ijtimoiy tarmog‘ida.

«Sizning irodangiz Ukraina xalqining jasorati uchun berilgan bahodir. Kuchli, jasur, qo‘rqmas bo‘ling. Siz hech qachon yolg‘iz qolmaysiz, muhtaram prezident Zelenskiy. Biz siz bilan adolatli va mustahkam tinchlik uchun ishlashda davom etamiz», — dedi Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen.