Joriy yil 21 fevral kuni yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonunlarga o‘zgartirish kiritildi. Xususan, jarima ballari tizimi joriy qilindi, drift, mast holda avtomobilni boshqarish, odam tashish qoidalarini buzish, gaz yoqilg‘isidan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi. IIV JXD Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari, polkovnik Erali Bozorov qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlar va ularning maqsadi haqida Kun.uzʼga ma’lumot berdi.
Qonunning maqsadi haqida
Mazkur qonunni qabul qilishdan maqsad yo‘l harakati hodisalari oqibatida fuqarolarimiz hayoti va sog‘lig‘ini asrab qolishdek eng dolzarb muammolarga barham berishdir. Umuman olganda, har bir haydovchi yoki yo‘l harakati ishtirokchisi ko‘chaga chiqqanida uyiga salomat qaytishini o‘ylab harakat qiladi.
Shu bilan birga har bir haydovchi yo‘nalishga chiqayotganda yo‘l harakati qoidalariga rioya qilishi lozim. Buning natijasida esa aholimizning bevaqt o‘limi, yo‘l-transport hodisalariga uchrab jarohatlanishining oldi olinadi.
Yo‘l-transport hodisalarining oldini olish maqsadida yangi qonun bilan Jinoyat kodeksiga, Jinoyat protsessual kodeksiga, shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgarishlar
Jumladan, MJtKga 6 ta yangi modda kiritildi va 29 ta moddaga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi. Kodeksga kiritilgan yangi moddalarning ayrimlariga to‘xtalib o‘tsam. Misol uchun, kodeks 125-3-modda bilan to‘ldirilib, gaz yoqilg‘isida ishlaydigan transport vositalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik belgilandi. Nima uchun aynan bu modda kiritildi deyilishi mumkin. Bugungi kunda respublikamizda mavjud transport vositalarining 80 foizi gaz yoqilg‘isidan, ya’ni suyultirilgan gaz yoki siqilgan tabiiy gazdan foydalanadi. Bularda gaz to‘ldirish shoxobchalarida texnik reglament belgilangan, lekin ayrim haydovchilar va shu gaz to‘ldirish shoxobchalarida faoliyat ko‘rsatayotgan xizmatchilarimiz texnik reglamentga rioya qilmasligi oqibatida noxush holatlar kelib chiqmoqda. Lekin bunday holatlar aniqlanganda ularga nisbatan jazo beruvchi sanksiya yo‘qligi, ya’ni javobgarlik belgilanmagani ma’lum bo‘ldi. Shuni inobatga olgan holda, mana shu texnik reglament talablariga javob bermaganlik uchun javobgarlikning taqdim etilishi muhim edi. Misol qilib oladigan bo‘lsak, gaz to‘ldirish shoxobchalariga kirgan transport vositalariga belgilangan me’yordan ortiq gaz to‘ldirish yoki belgilangan muddatlarda sinovdan o‘tmagan gazballonga to‘ldirish holatlari ko‘plab uchramoqda. Shunday holatlarning oldini olish va ushbu holatlarga jazoni belgilash maqsadida mana shu modda kiritildi.








