AQSh va Ukraina delegatsiyalari 11 mart kuni Saudiya Arabistonining Jidda shahrida muzokaralar o‘tkazdi. Vashington vakillari 30 kunlik vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish rejimini joriy etishni taklif qildi, Ukraina bunga rozi bo‘ldi. AQSh muzokaralar yakunida Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berish va razvedka ma’lumotlarini almashish qayta tiklanishini e’lon qildi. AQSh prezidenti Donald Tramp yaqin vaqtlar ichida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muloqot qilmoqchi. Quyida Amerika-Ukraina muzokaralari natijalariga dunyo bo‘ylab qanday munosabat bildirilgani haqida.

Jahon

Donald Tramp
AQSh prezidenti

Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish. Biz shu soatlarda shunga kelishdik. Endi biz Rossiyaga borishimiz va prezident Putin bunga ham rozi bo‘lishiga umid qilishimiz kerak. Va biz davom etishimiz mumkin. Biz har hafta ikki-uch ming, ba’zan ikki-uch-to‘rt ming askar halok bo‘ladigan bu dahshatli urushni to‘xtatishimiz mumkin. Men hisobotlarni olyapman... Biz bu urushga chek qo‘ymoqchimiz. Shuning uchun, menimcha, bu va siz Oval kabinetda ko‘rgan oxirgi tashrif o‘rtasidagi juda katta farq bor. Demak, gap agar ular rozi bo‘lsa, Ukrainada o‘t ochishni to‘liq to‘xtatish haqida ketmoqda. Va umid qilamanki, Rossiya rozi bo‘ladi. Biz ular bilan bugun yoki ertaga uchrashmoqchimiz. Umid qilamanki, biz kelisha olamiz. Lekin o‘ylashimcha, o‘t ochishni to‘xtatish juda muhim. Agar biz Rossiyani bunga majbur qila olsak, ajoyib bo‘ladi. Agar yo‘q bo‘lsa, biz shunchaki davom etamiz va odamlar halok bo‘ladi. Juda ko‘p odam.

Marko Rubio
AQSh davlat kotibi, u Ukraina bilan muzokaralarda Amerika delegatsiyasiga rahbarlik qildi

Bugun tinchlik uchun yaxshi kun bo‘ldi. AQSh prezidenti Donald Trampning yetakchiligi va valiahd shahzoda Muhammad ibn Salmonning mehmondo‘stligi tufayli biz Ukrainada mustahkam tinchlikni tiklashga bir qadam yaqinlashdik. Endi to‘p Rossiya tomonida.

Mayk Uols
AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi, Ukraina bilan muzokaralar ishtirokchisi

Bugungi kun prezident Trampning Ukrainadagi urushni tinch yo‘l bilan hal qilish borasidagi sa’y-harakatlarida ulkan qadam bo‘ldi. Ukraina hukumati 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lganidan so‘ng, biz Rossiya hukumatini prezident Trampning tinchlik haqidagi qarashlariga qo‘shilishga chaqiramiz.