AQSh prezidentining Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff (u Rossiya-Ukraina urushini tugatish bo‘yicha muzokaralarda ham ishtirok etmoqda) bugun ertalab Moskvaga uchib keldi. Uitkoff 11 mart kuni Jiddada bo‘lib o‘tgan va Kiyev 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish taklifini qo‘llab-quvvatlagan Ukraina bilan muzokaralar ishtirokchilaridan biri edi.
Oq uyda rasmiy ravishda tashrifdan maqsad – Moskvani o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lishga ko‘ndirish ekani aytilgan, biroq Uitkoff bu masalani aynan kim bilan muhokama qilishi va uning safari qancha davom etishi aytilmagan. Rossiya prezidenti Vladimir Putin bugun tushdan keyin Aleksandr Lukashenko bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uitkoffning samolyoti Moskvaga qo‘nganidan taxminan bir soat o‘tgach, Kremldan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha birinchi aniq izoh berildi – prezident yordamchisi Yuriy Ushakov «Rossiya 1» efirida Rossiya rasmiylarini vaqtinchalik sulh emas, balki uzoq muddatli kelishuv qiziqtirayotganini aytdi.
«Bizning maqsadimiz – uzoq muddatli tinchlik kelishuvi bilan hal qilish deb hisoblaymiz, biz shunga intilamiz, mamlakatimizning qonuniy manfaatlarini, bizning ma’lum xavotirlarimizni hisobga oladigan tinchlik kelishuvi bilan hal qilish. Tinchlik harakatlarga taqlid qiluvchi qandaydir yuzaki qadamlar, menimcha, bu vaziyatda hech kimga kerak emas», – dedi Ushakov va avvalroq bu pozitsiyani AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uolsga yetkazganini ta’kidladi.
U Vladimir Putin 13 mart kuni Ukrainada vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish rejimini joriy etish taklifi bo‘yicha «yanada aniq va mazmunli baho» berishi mumkinligini qo‘shimcha qilgan.
RF prezidenti yordamchisi keyinroq jurnalistlarga bu borada yana bir bor izoh berib, 30 kunlik sulh taklifi Rossiyaga hech narsa bermasligi, Ukraina uchun esa o‘z kuchlarini qayta guruhlash imkoniyati ekanini ta’kidladi.
«30 kunlik vaqtinchalik sulh. Xo‘sh, u nima beradi? U bizga hech narsa bermaydi. U faqat ukrainlarga qayta guruhlanish, kuch to‘plash va keyinchalik ham shunday davom etish imkoniyatini beradi», – deya Ushakovning so‘zlarini keltirgan «Interfaks».
«Hujjat, menimcha, shoshilinch xarakterga ega (...) Ishlash, o‘ylash va bizning pozitsiyamizni ham hisobga olish kerak bo‘ladi. U yerda faqat Ukraina yondashuvi bayon etilgan», – dedi Ushakov jurnalistlarga Ukrainadagi sulh taklifiga izoh berar ekan.











