Ijtimoiy tarmoqlarda Urgut tumanida yashovchi erkak D.O‘. yo‘l o‘rtasidagi ko‘lmakda cho‘milgani aks etgan videolavha tarqaldi.
Videoda erkak yo‘llardagi “yama”lar basseyn kabi bo‘lib yotganligini, chuqurlarda hatto cho‘milish ham mumkinligini aytgan. So‘ngra o‘zi buni ko‘rsatishini aytib, kiyimlarini yechgan holda yo‘l o‘rtasidagi ko‘lmakka borib yotib olgan hamda suzishga uringan.
D.O‘. ko‘p o‘tmay uzr so‘rab chiqdi va bu harakati yomon oqibatga olib kelishini bilmaganligini bildirdi. U qilgan ishidan pushaymonligini aytgan.
Samarqand viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, fuqaro ma’muriy jazoga tortilgan.
«Jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan buzish yoki axloqqa zid xatti-harakatlarni amalga oshirish sizga tengdoshlaringiz orasida mana shunday „mashhurlik“ olib kelishi uncha yoqimli bo‘lmasa kerak?» deya savol qoldirgan boshqarma axborot xizmati.
Sud qarori bilan u Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni (Mayda bezorilik) sodir qilishda aybli deb topilgan. Erkakka 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi qo‘llangan.
















