Oʻzbekiston Ijtimoiy himoya milliy agentligi va Turkiyaning Avrupa Çocuk bolalar reabilitatsiya markazi vakillari oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Muzokaralarda Oʻzbekistonda bolalarni kompleks reabilitatsiya qilishning Turkiya modeli asosida yangi muassasa tashkil etish masalasi muhokama qilindi.

Tashabbus bolalar uchun zamonaviy ijtimoiy xizmatlar koʻlamini kengaytirish va ularning oilalarini qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirishga qaratilgan yangi loyiha doirasida koʻrib chiqilmoqda.

Oʻzbekiston delegatsiyasi 2010-yildan buyon nogironligi boʻlgan hamda rivojlanishida turli oʻziga xosliklarga ega bolalarga xizmat koʻrsatib kelayotgan Avrupa Çocuk markazi faoliyati bilan ham tanishdi.

Markaz autizm spektri buzilishlari, harakat funksiyalari, mayda motorika, nutq va kognitiv rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalar bilan ishlaydi.

Qariyb 3 ming kvadrat metr maydonga ega markaz bir oyda 1,4 ming nafargacha bolaga xizmat koʻrsatish imkoniyatiga ega. Ayni paytda Istanbulda uning 13 ta filiali faoliyat yuritadi. Turkiya Milliy taʼlim vazirligi bilan hamkorlikdagi dasturlar doirasida bolalar va ularning oilalariga xizmatlar bepul koʻrsatiladi.

Turkiya modelining asosiy xususiyatlaridan biri har bir bolaga individual yondashuv hisoblanadi. Dastlabki tekshiruvdan keyin mutaxassislar bolaning ehtiyojlarini aniqlab, unga mos reabilitatsiya va taʼlim dasturini ishlab chiqadi. Bolaning rivojlanish dinamikasi esa muntazam baholab boriladi.

Reabilitatsiya jarayoniga fizioterapevtlar, logopedlar, psixologlar va pedagoglar jalb qilinadi. Sensor integratsiya, nutq va jismoniy terapiya, shuningdek, mustaqillik va kundalik hayot koʻnikmalarini rivojlantirishga qaratilgan maxsus dasturlar qoʻllaniladi.

Tomonlar ota-onalarni reabilitatsiya jarayoniga jalb qilish, ular bilan ishlash hamda bolalarning yangi muhitga moslashuvini taʼminlash masalalarini ham muhokama qildi.

Tashrif yakunlarida Turkiya tajribasi Oʻzbekistonda bolalar reabilitatsiyasi tizimini rivojlantirishning istiqbolli yoʻnalishlaridan biri sifatida qayd etildi. Boʻlajak loyihaning aniq parametrlari keyingi hamkorlik doirasida belgilab olinishi rejalashtirilgan.