31 mart kuni Izboskan tumani Mirzo Ulug‘bek mahallasida joylashgan masjid tahoratxonasida gaz portlashi oqibatida 3 kishi halok bo‘ldi. Yana 10 kishi turli darajada tan jarohati olib shifoxonaga yotqizilgan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi gaz portlashi haqida viloyat FVBga soat 12:19 da xabar kelib tushgani haqida ma’lum qildi. FVV dastlabki ma’lumotlarida 6 kishi jarohat olgani aytildi. Keyinroq jarohat olganlar soni 9 kishiga yetgani aytildi. So‘nggi ma’lumotlarda esa jarohat olganlar soni 10 kishiga yetgani, halok bo‘lganlar 3 kishini tashkil etgani ma’lum qilindi.
Voqea joyiga 2 ta qutqaruv otryadi va 2 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji yetib borgan. Vazirlik gaz portlashi natijasida masjid tahoratxonasining devor va tom konstruksiyalariga zarar yetgani, lekin yong‘in kelib chiqmaganini xabar qildi. Andijon viloyat hokimligi portlash tufayli masjid tahoratxonasi qulab tushganini ma’lum qildi. Keyinroq viloyat prokuraturasi holat haqida to‘liqroq ma’lumot taqdim etdi.
“Izboskan tumanida joylashgan “Ahmadali hoji” masjidining tahoratxona binosi yerto‘lasida isitish moslamalariga ulangan gaz quvurlaridan sizib chiqqan tabiiy gaz, xona ichiga to‘planib qolishi natijasida, elektr energiyasi yoqilgan vaqtda chaqnash sodir bo‘lib, bino qulab tushgan”, — deyiladi prokuratura xabarida.
Voqea joyiga viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov va tegishli mas’ul tashkilotlar rahbarlari ham yetib bordi. Bundan tashqari, vodiyda bo‘lib turgan bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov va Favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor Botir Qudratxo‘jayev Izboskan tumaniga yetib borgan.
Hukumat komissiyasi tuzildi
Portlash yuzasidan zudlik bilan hukumat komissiyasi tuzildi. Bosh vazir matbuot xizmati komissiyaga Ochilboy Ramatov raislik qilishini ma’lum qildi















