U Quddusdagi idorasida o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tergovchilariga ko‘rsatma bergan. Ular bilan uchrashishga ulgurish uchun u dushanba kuni ertalab Tel-Avivdagi okrug sudini muddatidan oldin tark etishga majbur bo‘ldi, u yerda o‘ziga korrupsiya ayblovi qo‘yilgan boshqa jinoiy ish doirasida ko‘rsatma bergandi.

Biroq, bu jarayon endi Qatargeyt – Qatar manfaatlarini lobbi qilishda bosh vazir maslahatchilarining taxminiy ishtiroki bo‘yicha tergov bilan solishtirganda yengil mashg‘ulotga o‘xshaydi.

Netanyahuning o‘zi bu bosqichda tergovda gumonlanuvchi emas, balki guvoh sifatida ishtirok etmoqda. Ammo dushanba kuni politsiya uning ikki asosiy yordamchisi – Jonatan Urix va Eli Feldshteynni hibsga oldi.

Isroildagi manbalarga ko‘ra, Netanyahuning ko‘rsatmalari sinchkovlik bilan o‘rganiladi, shundan so‘ng Bosh prokuratura bosh vazirning bu ishdagi maqomini o‘zgartirish uchun asoslar bor-yo‘qligini hal qiladi.

Qatargeytga nima turtki bo‘ldi?

Tergov hukumatning Isroil mudofaa armiyasi va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar bo‘yicha idorasi sobiq matbuot kotibi Eli Feldshteyn Dohada ro‘yxatdan o‘tgan, Qatar manfaatlarini ilgari suruvchi xalqaro firma hamda Isroil hukumati o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘taganiga shubha paydo bo‘lganidan keyin boshlangan.

Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, u orqali, xususan, Isroil matbuotida Qatarning Isroildagi imijini yaxshilaydigan materiallar targ‘ib qilingan. Bundan tashqari, u Qatar biznes loyihalarini Isroil biznesi uchun foydali ko‘rinishda taqdim etishga yordam bergani gumon qilinmoqda.

Tergov versiyasiga ko‘ra, tez orada sxemaga bosh vazirning yana bir yuqori martabali maslahatchisi Jonatan Urix jalb qilingan va ularning ikkisi ham o‘z xizmatlari uchun Dohadagi firma vakili bo‘lgan amerikalik Jyey Futlikdan pul olgan.

Avvalroq, mart oyida politsiya Feldshteyn va Urixni «chet el agenti» bilan aloqalar, firibgarlik, pul yuvish va pora olishda gumonlab so‘roq qilgandi. Ushbu ish bilan bog‘liq nozik ma’lumotlarni oshkor qilish sud tomonidan taqiqlangani sababli, boshqa tafsilotlar noma’lum.

Feldshteynga Isroil mudofaa armiyasining maxfiy hujjatlari sizib chiqishi bilan bog‘liq holda Isroil milliy xavfsizligiga zarar yetkazish bo‘yicha ayblov qo‘yilishi tahdid solmoqda.