AQSh prezidenti Donald Tramp yakshanba kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy yerosti boyliklari bo‘yicha muhim kelishuvdan voz kechmoqchi bo‘layotgani, Rossiya prezidenti Vladimir Putin esa Zelenskiyning legitimligi haqidagi bayonotlari bilan uni g‘azablantirayotganini aytdi. Tramp ikkala tomonni ham muammolar bilan qo‘rqitib, Moskva va Kiyevni muzokaralar stoliga o‘tirishga undadi.
«U [Zelenskiy] nodir metallar bo‘yicha kelishuvdan chiqishga harakat qilmoqda va agar u shunday yo‘l tutadigan bo‘lsa, unda muammolar, katta, juda katta muammolar paydo bo‘ladi», – dedi Tramp o‘z samolyoti bortida jurnalistlarga.
Tramp, shuningdek, Zelenskiy «NATO a’zosi bo‘lishni xohlashini, lekin u hech qachon NATOga a’zo bo‘lmasligini, buni tushunib turgani»ni qo‘shimcha qilgan.
Uning Zelenskiyga tahdidlari Putin manziliga yo‘llangan qattiq tanqididan keyin yangradi. Tramp NBC News telekanaliga bergan intervyusida Putin o‘tgan hafta Zelenskiyning legitimligini yana shubha ostiga qo‘yib, Ukrainada BMT shafeligida vaqtinchalik boshqaruv joriy etishni taklif qilganidan keyin «juda g‘azablangani»ni aytdi.
«Umuman olganda, BMT shafeligida AQSh, Yevropa davlatlari, hamkorlarimiz va do‘stlarimiz bilan Ukrainada vaqtinchalik boshqaruvni joriy etish imkoniyatini muhokama qilish mumkin. Demokratik saylovlar o‘tkazish uchun», – degandi Putin «Arxangelsk» atom suvosti kreyseri dengizchilari bilan muloqot chog‘ida.
Bunga javoban Tramp yakshanba kuni agar Moskva uning Ukrainadagi urushni to‘xtatish bo‘yicha sa’y-harakatlariga to‘sqinlik qilayotganini his qilsa, Rossiya neftini sotib oluvchilar uchun 25 foizdan 50 foizgacha «ikkilamchi bojlar» joriy etishini aytdi, deb yozadi Reuters.
«Aytish mumkinki, men qachonki... Putin Zelenskiyning legitimligi masalasiga berilib ketganida qattiq g‘azablandim, juda g‘azabnok edim, chunki bu maqsadga muvofiq emas», – dedi AQSh prezidenti. «[Ukrainada] yangi rahbariyat bo‘lishi yana uzoq vaqtgacha kelishuv bo‘lmasligini anglatadi», – deya qo‘shimcha qildi u.
«Agar biz Rossiya bilan Ukrainadagi qon to‘kilishini to‘xtatish bo‘yicha kelisha olmasak va bu Rossiyaning aybi deb hisoblasam... Men neftga, Rossiyadan keladigan barcha neftga ikkilamchi bojlar joriy qilmoqchiman», – dedi Tramp.
Shuningdek, Tramp Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lishi uchun Rossiyaga dedlayn belgilashini aytgan.
«Bu psixologik dedlayn. Agar men ular vaqt cho‘zayapti deb topsam, men bu meni mamnun qilmaydi», – deya Trampning so‘zlarini keltirgan The Hill.


















