AQSh prezidenti Donald Tramp saylovoldi kampaniyasida bergan va’dalaridan yana birini bajardi: dunyoning deyarli barcha davlatlari tovarlariga boj joriy qildi. U boj kiritgan davlatlar qatorida hatto odam yashamaydigan, faqat pingvinlar yashaydigan orollar ham bor. Rossiya, Belarus, Shimoliy Koreya va Kuba esa istisno qilindi.
Boj soliqlarining birinchisi 5 aprel kuni kuchga kirdi, ikkinchisi 9 aprelga belgilangan. Aksariyat mamlakatlar uchun boj miqdori – 10 foiz. Vetnam, Yaponiya, Janubiy Koreya kabi mamlakatlarga bir necha o‘n foizlik, Xitoy tovarlariga esa naq 104 foizlik tariflar o‘rnatildi.
Trampga quloq solsangiz, “oxirgi 30-50 yilda butun dunyo AQShni iqtisodiy taladi, AQSh ularning mahsulotini sotib oldi, lekin ular Amerikaning hech narsasini sotib olgani yo‘q, biz buni o‘zgartiramiz” deydi. Ya’ni bamisoli butun dunyo AQShni iqtisodiy koloniya qilgan, ekspluatatsiya qilgan...
Aslida ham shundaymi? Mutlaq teskarisi! To‘g‘ri, AQShning ko‘plab davlatlar bilan tovarlar savdo savdosida disbalans mavjud. Lekin buning sababi shundaki, AQSh tashqi dunyodan ko‘proq moddiy, jismoniy tovarlar sotib oladi, o‘zi esa ko‘proq xizmatlar, g‘oyalar, raqamli mahsulotlarni eksport qiladi.
Xizmatlar va raqamli, madaniy mahsulotlar eksporti AQShga juda katta daromad olib keladi, lekin ular AQShning savdo balansida oddiy tovarlar qatorida turmaydi. Shuning uchun, Tramp buni qo‘shib hisoblamayapti. Misol uchun, AQShning Hollivudi dunyo davlatlariga ko‘plab kino sotadi, yoki Microsoft kompaniyasining Windows va boshqa mahsulotlari milliardlab daromad olib keladi. Kaliforniyaning Kremniy vodiysidagi kompaniyalar dunyoga juda katta raqamli mahsulotlar sotadi va yuz milliardlab daromad ko‘rishadi.
Aslida, keyingi 30-50 yilda aynan AQShda misli ko‘rilmagan iqtisodiy o‘sish yuz berdi. Jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi ichki mahsulot miqdorida ham, milliy yalpi ichki mahsulot miqdorida ham, Yaponiya, Yevropa Ittifoqi bilan qiyoslaganda ham, AQShda boshqalardan ko‘ra iqtisodiy o‘sish ko‘proq.
Trampning savdo vaziri Hovard Latnikning aytishicha AQShda ichki ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun besh trillion pul bor, Trampning maqsadi esa bir vaqtlar AQShdan chiqib ketgan zavod-fabrikalarni qaytarish va ichkarida ishlab chiqarishni kuchaytirish ekan. Lekin asosiy masala shundaki. AQShning o‘zida ortiqcha ishchi kuni yo‘q. Qolaversa, AQShda har bir ishchiga kamida 4-5 ming dollar oylik bermasa, ishlamaydi. Meksika yoki Xitoyda esa shu ish uchun 1000-1500 dollarga ishlaydiganlar ko‘p. AQShda qimmat ishchi kuchi mahsulotlarning tannarxini bir necha baravar qimmat qilib yuborishini hamma biladi-ku?!

















