Toshkentda deyarli bir hafta davom etgan nufuzli xalqaro anjuman parlamentlararo muloqotni, o‘zaro hamkorlik va tinchlikni mustahkamlash yo‘lida turli mamlakatlar parlament a’zolarini birlashtirgani bilan yodda qoladi.
Ushbu tarixiy assambleya O‘zbekiston parlamenti mezbonligida muvaffaqiyatli o‘tkazildi va unda 140 davlatdan 2000 ga yaqin delegat, shu jumladan 740 nafar parlament a’zosi, shuningdek 50 dan ortiq xalqaro va kuzatuvchi tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda 100 dan ortiq parlament spikerlari va spiker o‘rinbosarlari ishtirok etgani geosiyosiy qarama-qarshiliklar kuchaygan bir paytda parlament diplomatiyasi an’anaviy xalqaro munosabatlarda muhim o‘rin tutishini ko‘rsatdi.
Parlamentlarning ayol a’zolari assambleya ishtirokchilarining 37 foizidan ortig‘ini tashkil etdi. Bu 2022 yildan beri Parlamentlararo ittifoq assambleyasida ayollar ishtirokining eng yuqori ko‘rsatkichidir.


Assambleya doirasida 70 ga yaqin turli tadbirlar o‘tkazilib, ularda gender tenglik, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, fuqarolar salomatligini saqlash, ekologiya va iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish kabi muhim masalalar muhokama qilindi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan assambleyaning maxsus yalpi majlisidagi nutqida ilgari surilgan muhim tashabbuslar Parlamentlararo ittifoq a’zolari tomonidan yuqori baholandi.
Davlat rahbari Ukraina atrofidagi vaziyat bo‘yicha boshlangan muzokaralar jarayoni ijobiy natija berishiga umid bildirdi hamda Falastin-Isroil nizosini hal etishning yagona va adolatli yo‘li “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyilini amalga oshirish ekanini ta’kidladi. Afg‘onistonning xalqaro maydonda yakkalanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik muhimligi qayd etildi. Parlamentlarning Ilg‘or tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, qayta tiklanuvchi energiya manbalari va «yashil» texnologiyalarga o‘tishni rag‘batlantirish, sun’iy intellektdan foydalanish etikasi bo‘yicha namunaviy qonun ishlab chiqish, kambag‘allikdan chiqish yo‘llarini izlash bo‘yicha muhim vazifalari ta’kidlab o‘tildi.




















