2024 yilning 9 avgusti. Pop tumani Chodak qishlog‘idagi xonadonlardan biriga kechga yaqin IIB, prokuratura xodimlari va shifokorlar to‘plandi. Xonadonda qotillik jinoyati sodir etilgan, ayol va uning voyaga yetmagan ikki o‘g‘li vahshiylarcha pichoqlab ketilgandi. Akalari va onasi o‘ldirilayotganini deraza orqali ko‘rib turgan kichik qizaloq esa divan ostiga yashirinib, tirik qolgan. Qotil bu oilaga begona emasdi: 2025 yil 7 aprel kuni unga hukm o‘qildi.
Chodakdagi jinoyat
Qishloq hayoti biroz sokin bo‘ladi: kun botishi bilan hamma o‘z ishidan, daladan, tomorqasidan qaytadi. Boshlanayotgan tunning sukunatini chirildoqlarning ovozigina buzib turadi. Ammo 2024 yilning 9 avgustida Pop tumanidagi Chodak qishlog‘ida tun har kungi kabi sokin boshlanmadi: qishloqda qotillik sodir etilgani bir zumda odamlar qulog‘iga yetib bordi. Qulog‘i bilan eshitayotganiga ishonmaganlar hayratdan lol qolib, jinoyat sodir etilgan xonadon atrofiga to‘plana boshladi. Bu vaqtda IIB xodimlari, shifokorlar ham jinoyat joyiga yetib kelishgandi.
Xonadon egasi Rossiyada edi. Uning turmush o‘rtog‘i, ikki o‘g‘li vahshiylarcha o‘ldirib ketilgandi.
22 yoshli qotil
Sud hukmida keltirilishicha, qotillik 2003 yilda tug‘ilgan Abobakir Muhamatjonov tomonidan sodir etilgan. O‘ldirilganlar uning yangasi va jiyanlari edi.
Abobakirning otasi Avaz Ismoilov va amakisi Mahmud Ismoilov avvaldan uy-joy va maishiy nizolar tufayli muntazam janjallashib kelishgan. Oqibatda har ikkala oila a’zolarining bir-birlariga nafrati oshib borgan.
Abobakir yashagan xonadon amakisining xonadoni orqali elektr energiyasi va gaz tarmog‘iga ulangan bo‘lgan. Mahmud Ismoilov ishlash uchun Rossiyaga ketgandi. Uning oila a’zolari qo‘shni xonadon egalarini ogohlantirmagan holda muntazam ravishda o‘zboshimchalik bilan gaz va elektr energiyasi tarmog‘idan uzib qo‘yib kelgan.
2024 yil 9 avgust kuni soat 20:00 larda uyiga kelgan Abobakir yangasi Moxira Raxmatova tomonidan elektr energiyasi tarmoqdan uzib qo‘yilganidan xabar topadi. Buning uchun o‘ch olish maqsadida yangasi va uning voyaga yetmagan farzandlarini qasddan o‘ldirishni rejalashtirgan.
Qonli tun
Abobakir ro‘zg‘or uchun foydalaniladigan pichoqni olib, soat 20:30 larda amakisining xonadoniga kirgan. Dastlab xonadon hovlisida tomorqaga qarab ketayotgan, 2011 yilda tug‘ilgan jiyani Muxsinjon Muhamatjonovning orqasidan yugurgan. Yetib olgach qo‘lidagi pichoq bilan bo‘yin, qorin va ko‘krak qismlariga 29 marotaba zarba bergan. Muxsinjon voqea joyida vafot etgan.














