Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Amerikaning CBS News telekompaniyasining «60 daqiqa» dasturiga intervyu berdi va prezident Donald Trampni Rossiya bosqini oqibatlariga shaxsan guvoh bo‘lish uchun Ukrainaga kelishga chaqirdi. Zelenskiy, shuningdek AQShda «Ukrainadagi urush haqidagi Rossiya narrativlari» ustunlik qilayotganini aytdi va Oq uyning faqat Ukrainaga bosim o‘tkazishga qaratilgan yondashuvini tanqid qildi.

«Biz sizning pozitsiyangizni hurmat qilamiz, lekin iltimos, har qanday qaror qabul qilishdan, har qanday muzokaralar olib borishdan oldin odamlarni, tinch aholini, askarlarni, kasalxonalarni, cherkovlarni, bolalarni ko‘rish uchun keling», – deya Trampni mamlakatiga chorladi Zelenskiy.

Ukraina prezidentining fikricha, shunda Tramp «kim bilan muomala qilayotgani»ni va «Putin nimalar qilgani»ni anglab yetadi.

Zelenskiy CBS telekanaliga bergan intervyusida Ukraina rasmiylari go‘yoki qo‘llab-quvvatlov olish maqsadida xorij delegatsiyalari uchun «targ‘ibot turlari» tashkil qilayotgani haqidagi da’voga ham izoh berdi. 28 fevral kuni Oq uydagi bahsda AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens tomonidan shunday ayblov yangragandi.

Zelenskiy agar Tramp kelishga rozi bo‘lsa, Ukraina uning maxsus tayyorlanmasligiga va’da berdi. «Bu tayyorlangan aktyorlar o‘ynaydigan teatr bo‘lmaydi. Biz bunday ish bilan shug‘ullanmaymiz va bu bizga kerak ham emas. Siz istalgan joyga, hujumga uchragan istalgan shaharga borishingiz mumkin», – deya ta’kidladi Zelenskiy.

Ukraina prezidenti amerikalik jurnalistlar bilan o‘tgan hafta suhbatlashgan. Intervyu uning tug‘ilgan shahri Kriviy Rihda, Rossiyaning 19 kishi, jumladan, to‘qqiz bola hayotiga zomin bo‘lgan zarbasidan bir hafta o‘tib yozib olingan. Bu intervyu olinganida 13 aprel kuni amalga oshirilgan va 35 kishi o‘limiga sabab bo‘lgan Sumiga zarba hali berilmagandi.

Zelenskiy «Amerika betaraf bo‘lishni xohlashi noto‘g‘ri» ekani, Tramp esa «kuchli mamlakatning kuchli prezidenti sifatida Ukraina tomonida bo‘lishi kerakligi» haqida gapirgan.

«Afsuski, AQShda ruscha qarashlar ustunlik qilyapti, deb hisoblayman. O‘ylaymanki, bu dahshat. Qanday qilib bizning qurbonlarimiz va azob-uqubatlarimizga guvoh bo‘la turib, ruslar nima qilayotganini tushuna turib, shu bilan birga, ular tajovuzkor emasligiga, ular bu urushni boshlamaganiga ishonish mumkin? Bu Rossiyaning axborot siyosatining Amerikaga, AQSh siyosatiga va Amerika siyosatchilariga ulkan ta’siridan dalolat beradi», – degan Zelenskiy.

Tramp ma’muriyati vakillari bir necha bor Rossiyani tajovuzkor deb atashdan bosh tortgan, AQSh prezidentining o‘zi esa Ukrainaga qarata shunday degan: «Siz buni boshlamasligingiz kerak edi, siz bitim tuzishingiz kerak edi».