O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

Isroil asl maqsadini oshkor qilmoqda

Isroil moliya vaziri, ultrao‘ng millatchi Betsalel Smotrich HAMAS tomonidan garovga olingan fuqarolarni ozod qilish ayni paytda hukumat uchun asosiy vazifa emasligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘azodagi urushda g‘alaba qozonish — birlamchi maqsad. Ushbu bayonot jamiyatda katta bahslarga sabab bo‘ldi.

Muxolifat yetakchilari va garovdagi yaqinlarining oilasi Smotrichni keskin tanqid qildi. Ularga ko‘ra, vazir insoniylik va milliy burchni rad etmoqda.

«Bu hukumat garovdagi yaqinlarimizni qasddan unutib, ularni qurbon qilmoqda», deb chiqish qildi oilalar forumi.

Hamkor partiya vakillari ham Smotrich so‘zlarini qoralab, garovda ushlab turilgan fuqarolarni qaytarishni «eng muhim vazifa», deb atashdi. Ammo Binyamin Netanyahu hukumatining urushni to‘xtatishga tayyor emasligi jamiyatda jiddiy e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda.

G‘azoni qo‘llab kelgan Rim papasi o‘ldi

Katolik dini rahbari, Rim papasi Fransisk 88 yoshida vafot etdi. U nafaqat pontifik, balki Falastin haq-huquqini ochiq himoya qilgan kam sonli yetakchilardan biri sifatida xotiralarda qoldi.

U G‘azodagi urush boshlangan ilk kunlardanoq Isroilning maktab va shifoxonalarga bombardimonini ochiq tanqid qildi, «bu urush emas, shafqatsizlik», deb ta’kidlagan edi. 2023 yil dekabrida esa Fransisk G‘azodagi vaziyatni «genotsid alomatlari bor» deb atagan va xalqaro tanqidlarga qaramay, o‘z so‘zidan qaytmagan edi.

U har kuni G‘azodagi yagona katolik cherkovi bilan aloqada bo‘lib, u yerdagi fuqarolarga tasalli berdi. Joriy yil boshida Vatikandan chiqmay turib, Isroil tajovuzini «insoniylik uchun sharmandalik», deb atagan edi.

Yakshanba kuni, o‘limidan bir kun oldin, Fransisk katoliklarni Pasxa bilan tabriklagan, o‘z nutqida «G‘azo sektorida zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish, garovdagilarni ozod etish va g‘azoliklarga insonparvarlik yordami yetkazib berish»ga chaqirgandi.

So‘nggi oylarda uning sog‘lig‘ida jiddiy muammolar kuzatildi. U ikki tomonlama o‘pka yallig‘lanishi sababli 38 kun shifoxonada yotdi, 6 aprelda esa davolanishdan so‘ng ilk bor omma oldida papamobilda ko‘rinish bergan edi. Uning o‘limiga insult va miyaga qon quyilishi sabab bo‘lgani aytilmoqda.