Angliya: «Villa»ning komplekslari
APL. 34-tur
«Manchester Siti» — «Aston Villa» 2:1
Gollar: Silva (7), Nunesh (90+4) — Reshford (18, penalti).
«Manchester Siti» — Ortega, Nunesh, Diash, Gvardiola, O'Rayli, Gundo‘g‘an, Kovachich, Silva, de Bryuyne (Akanji, 90+5), Makeyti (Doku, 74), Marmush.
«Aston Villa» — Martines, Kesh (Disasi, 61), Konsa, Torres, Din, Kamara, Onana (Asensio, 76), Rojyers (Malen, 86), Tilemans, Remzi (Makginn, 61), Reshford (Uotkins, 76).
Ogohlantirishlar: Din (35), Rojyers (50), Gvardiol (70), Nunesh (77), Uotkins (85), Silva (86).
Angliyada «Liverpul» va «Arsenal» birinchi va ikkinchi o‘rinlarni hech kimga berib qo‘ymasligi kundek ravshan. YeChLga yo‘llanma beruvchi keyingi uch o‘rin uchun esa qattiq kurash ketmoqda. Mavsum yakuniga qadar besh tur qolganida uchinchi o‘rindagi «Nyukasl» va yettinchi o‘rinda kelayotgan «Aston Villa» o‘rtasida atigi ikki ochkolik farq bor edi.
Shuning uchun hafta oxirida «Uembli»da Angliya kubogi yarimfinalida o‘ynaydigan «Manchester Siti» ustozi Xosep Gvardiola «Aston Villa»ga qarshi o‘yin oldidan jamoasini navbatdagi final kutayotgani haqida gapirdi. «Shaharliklar» va birminghemliklar o‘zaro o‘yinda g‘olib bo‘lgan jamoa uchinchi o‘ringa chiqib olardi.
Mehmonlar esa 20-soniyadayoq hisobni ochishi mumkin edi: Markus Reshford «Siti» mudofaasidagi xatolikdan foydalanib, jarima maydoniga yorib kirdi va uzoq burchakka zarba yo‘lladi, ammo to‘p ustunga bordi. Gvardiola jamoasi tezda o‘ziga keldi. Mezbonlar darhol tashabbusni qo‘lga oldi, 7-daqiqada Ruben Diash chap qanotga diagonal pas berdi, Marmush jarima maydoniga kirib keldi va orqaroqqa to‘p uzatdi, Emiliano Martines Bernardu Silvaning zarbasiga ulgurdi, ammo to‘p baribir to‘rga borib tushdi.
«Siti» ustunlikka erishgach, hujum qilishda davom etdi, mehmonlarning rejasi o‘zgarmadi: Unai Emeri shogirdlari maydonga qarshi hujumlarda omadini kutardi. 16-daqiqada Jyeykob Remsi jarima maydoniga yorib kirdi va Ruben Diash bilan kontaktdan keyin yiqildi, hakam Kreyg Pouson videotakrorni borib ko‘rib, 11 metrlik nuqtani ko‘rsatdi, Reshford esa qaytarib bo‘lmas zarba yo‘lladi – 1:1.
«MYu»dan ijaraga olingan forvard «Siti»ning joriy mavsumda o‘z stadionida o‘tkazib yuborilgan gollari sonini 22 taga yetkazdi, bu esa 2003/04 yillar mavsumidan buyon eng yomon ko‘rsatkich (24 gol). Gvardiola murabbiylar zonasida shou uyushtirishda davom etdi, zaxira hakami bilan hissiyotli suhbatidan keyin sariq kartochka oldi. U butun o‘yin davomida maydon chetida turib, faol ravishda e’tiroz bildirdi va operator e’tiborini o‘ziga qaratdi. Natija muhimligi Gvardiolani katta bosim ostida qoldirgandi.













