Shu kunlarda Turkiyada, Markaziy Osiyo va boshqa xorijiy OAVda Shimoliy Kipr masalasi dolzarb. Ba’zilar “Markaziy Osiyo turkiy birlikka rioya qilmadi” degan iddaoni bildirmoqda. Xo‘sh, bu iddaolar qayerdan paydo bo‘ldi, ularni kim tarqatmoqda? Shimoliy Kipr Turk Respublikasi qanday paydo bo‘lgan, bu bo‘yicha BMT rezolyutsiyalari nega savol ostiga olinadi?

Bunday gap-so‘zlarning kelib chiqishi Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida 3-4 aprel kunlari bo‘lib o‘tgan Samarqand sammiti yakunida imzolangan Samarqand deklaratsiyasi bilan bog‘liq. Deklaratsiya bandlaridan birida BMTning 1983-84 yillarda qabul qilingan 541- va 550-rezolyutsiyalari tilga olinadi. Bu rezolyutsiyalar Kiprning birligini urg‘ulaydi.

Kipr – O‘rta Yer dengizidagi orol, maydoni 9251 kv km, jami aholisi 1 million 350 ming kishidan oshadi. Kiprdan Turkiya chegarasigacha masofa – bor-yo‘g‘i 60 km, Gretsiyagacha esa – 783 km. Ya’ni Kipr Turkiyaga 13 baravar yaqin.

Kipr 1571 yildan boshlab Usmonli turk davlatining ichida bo‘lgan. Kiprda greklar va turklar birga yashashgan. Usmonli turklardan keyin Kipr Britaniya nazorati ostida bo‘lgan. 1960 yilga kelib, Kipr Britaniyadan mustaqil bo‘ladi. Ana shu mustaqil davlatning keyinchalik ikkiga bo‘linib qolishi tarixini tushunish uchun, Gretsiyadagi voqealarni eslash kerak bo‘ladi.

1945 yilda Ikkinchi jahon urushi tugaydi. Dunyoda ikki qutb paydo bo‘ladi, AQSh va SSSR o‘rtasida sovuq urush boshlanadi. Gretsiyada kommunistlar isyon ko‘tarishi bilan, 1946-1949 yillarda fuqarolik urushi ro‘y beradi, hukumat AQSh va Britaniyaning qo‘llovi bilan ustun keladi. 1967 yilga kelib, Gretsiyada “qora polkovniklar” harbiy to‘ntarish qiladi. Harbiy xunta Gretsiyadagi kommunistlar, sotsialistlar, liberallar, intelligensiya, siyosiy faollar bilan qattiq kurashadi. Inson huquqlari shu qadar qattiq buziladiki, Daniya, Shvetsiya va Norvegiya Gretsiyani Yevropa Kengashidan quvishni taklif qiladi. Bu jarayonni kutmasdan, Gretsiyaning o‘zi Yevropa Kengashidan chiqib ketadi.

“Qora polkovnik”lardan Georgios Papadopolus bir vaqtning o‘zida ham bosh vazir, ham ichki va tashqi ishlar vaziri, ham mudofaa vaziri edi. Qolgan harbiylar ham davlatning muhim lavozimlarini egallab olgan.

1973 yilning noyabrida Gretsiyada talabalarning ommaviy namoyishi natijasida, harbiy xuntaning o‘zi Papadopolusni yiqitadi, uni uy qamog‘iga tashlaydi. O‘rniga boshqa harbiy – brigada generali Dmitrios Ioannidis hokimiyatga keladi.

Bu yillar davomida AQSh uchun SSSRning ta’siri Gretsiyada ham yoyilmasligi asosiy maqsad edi. Shu sabab Vashington Gretsiyadagi repressiyalarga ham ko‘z yumib, hatto harbiy xunta boshqaruvi yillarida ham Afinani qo‘llab kelgan. Lekin 1973 yildagi Arab-Isroil urushidan keyin o‘sha yili oktyabr oyida Saudiya Arabistoni podshosi Faysal Al-Saud AQSh va uning ittifoqchilariga neft embargosini o‘rnatgan edi. Embargo AQShni iqtisodiy tang holatga solib qo‘yadi, natijada Amerika Gretsiyaga deyarli yordam bera olmay qoladi.