Fuqarolar yig‘ini raisi saylovlarini tashkil etish va o‘tkazish masalalariga bag‘ishlangan brifingda O‘zbekiston mahallalari uyushmasi axborot xizmati rahbari Jobir Asqarov ushbu jarayon haqida ma’lumot berdi.
Qayd qilinishicha, 9 ming 452 ta mahallada rais saylovlari 1 may kunidan boshlanadi.
«Fuqarolar yig‘ini raisi saylovi to‘g‘risida»gi qonuniga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga ko‘ra, endi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi vakolat muddati 5 yil bo‘ladi.
Ta’kidlanishicha, saylov o‘tkaziladigan kun, vaqt va joy haqidagi ma’lumotlar O‘zbekiston mahallalari uyushmasining rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
May-iyul oylarida bo‘lib o‘tadigan saylovlarda ishchi guruhlar tomonidan 208 ta tuman (shahar) ko‘maklashuvchi komissiyalarning qarori bilan mahallalarda vakillar miqdori belgilangan. Saylovda 2 million 591 823 nafar vakil ishtirok etishi kutilmoqda.















