Farg‘ona tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida 1 kishi halok bo‘ldi, 2 kishi jarohatlandi, deya xabar bermoqda viloyat YHXB.

Qayd etilishicha, holat 5 may kuni soat 16:00 atrofida Farg‘ona — Vodil — Hamzaobod avtomobil yo‘lida sodir bo‘lgan.

25 yoshli haydovchi Nexia 3 avtomobilini boshqarib ketayotib, quvib o‘tish qoidasini buzgan. U qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib harakatlangan va yo‘nalishida kelayotgan 65 yoshli haydovchi boshqaruvidagi Tico bilan to‘qnashgan.

Oqibatda Tico haydovchisi vafot etgan. Shuningdek, ikki nafar yo‘lovchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun shifoxonaga yuborilgan.