Takroriy ovoz berish jarayonida Mers uchun 325 nafar deputat ovoz berdi, saylanish uchun kamida 316 ovoz talab etilardi. Parlamentning 289 nafar a’zosi uning nomzodiga qarshi chiqqan. Bir deputat betaraf qolgan, uchta ovoz haqiqiy emas deb topilgan.
Shu bilan birga, o‘ng markazchi XDI/XSI bloki («Xristian-demokratik ittifoq» va «Xristian-sotsial ittifoq») va so‘l markazchi Germaniya Sotsial-demokratik partiyasi (GSDP) koalitsiyasiga jami 328 kishi kiradi.
Avvaliga Frankfurter Allgemeine va Bild gazetalari seshanba kuni takroriy ovoz berish rejalashtirilmagani haqida xabar berishgandi, ammo keyin XDI/XSI, sotsialistlar, Yashillar va so‘llar takroriy ovoz berishni shu kuni o‘tkazishga kelishib olgani ma’lum bo‘ldi.
XDI/XSI 2018 yilda so‘llar bilan hamkorlikni taqiqlovchi rezolyutsiya qabul qilgandi, endi esa ularning yordamiga suyanmoqda, deb yozadi Spiegel.
Parlamentdagi ovoz berish jarayonidan so‘ng, Mers Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer huzuriga bordi, u XDI/XSI bloki rahbarini rasman yangi kansler etib tayinladi. Mers Germaniya tarixidagi o‘ninchi kanslerga aylandi.
Endi avvaliga Mers, undan keyin yangi hukumat a’zolari qasamyod qilishi kerak.
Tarixiy muvaffaqiyatsizlik
Birinchi raundda Mers zarur 316 ovoz o‘rniga faqat 310 ovoz olgan, 307 nafar deputat uning nomzodiga qarshi chiqqandi.
Urushdan keyingi Germaniya tarixidagi kanslerlarning hech biri bundestagdagi birinchi ovoz berishdan keyin saylana olmagani bilan bog‘liq holat kuzatilmagandi.
Mersning birinchi urinishdayoq parlamentdagi ko‘pchilikning qo‘llab-quvvatlashiga erisha olmagani mamlakatda so‘nggi hukumat qulaganidan keyin yuzaga kelgan siyosiy noaniqlik saqlanib qolishini anglatadi.
Mersning muvaffaqiyatsizligini o‘ta o‘ngchi «Germaniya uchun muqobil» (AfD) partiyasi xursandchilik bilan kutib oldi, o‘tgan hafta Konstitutsiyaviy himoya federal idorasi (BfV) bu partiyani ekstremistik tashkilot deb tan olgandi.
AfD hamraisi Alisa Vaydel Bundestagdagi ovoz berish «kichik koalitsiya qurilgan poydevorning mo‘rtligi»ni ko‘rsatgani haqida gapirib, yangi saylovlar o‘tkazishga chaqirgandi.
«Mers chetga chiqib, umumiy saylovlarga yo‘l ochishi kerak», – dedi u jurnalistlarga va sodir bo‘lgan voqeani «Germaniya uchun yaxshi kun» deb atadi.

















