Ijtimoiy tarmoqlarda hindistonlik talabaning Toshkent tibbiyot akademiyasidagi ta’lim sifatidan norozi bo‘lib yozgan posti muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Reddit platformasida shaxsi ko‘rsatilmasdan bir oy oldin joylangan postda muallif shu yil fevralida akademiyaga qabul qilingani, lekin barcha umidlari puch bo‘lib chiqqanini hikoya qiladi.

“O‘qituvchilar ingliz tilida zo‘rg‘a gapiradi”

— Men 2025 yil fevralida Toshkent tibbiyot akademiyasiga (TTA) 1-kursga qabul qilingan hindistonlik talabaman. Rosti, bu universitetni ishonchli deb o‘ylagandim. Kontrakt to‘lovlari arzon, xorijda tibbiyot va jarrohlik bo‘yicha bakalariat, yaxshi muhit, to‘g‘rimi? Adashgan ekanman. Bu yerda ta’lim sifati mutlaqo rasvo, ayniqsa biz, xorijiy talabalar uchun.

Birinchidan, o‘qituvchilar ingliz tilida zo‘rg‘a gapirishadi. Hazillashmayapman, ba’zida Google Translate'dan o‘qiyotgandek ming‘irlashadi. Ularni hatto tushunolmasak, qanday qilib tibbiyotni o‘rganishimiz mumkin? Bizni 4 SOAT ingliz tili darslariga majburan kiritishadi. Aka, men bu yerga alifbo o‘rganishga kelmaganman-ku, anatomiyani o‘rganishga kelganman!

Toshkent tibbiyot akademiyasida o‘qiyotgan xorijlik talabalardan bir guruhi / Foto: Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi

[Anatomiyadan] 1 soat 20 daqiqa dars bo‘ladi va bu ham kulgili. Ular hech nima o‘qitishmaydi. To‘g‘ri, professorlar darsga kelishadi, lekin faqat o‘tirib, darslikni ko‘rsatib: “mana mavzu, o‘rganinglar”, deb chiqib ketadi. Ba’zida darslar oxirgi daqiqalarda bekor qilinadi. Avvaliga “dars onlayn bo‘ladi” deyishadi, lekin hayratlanarlisi, hech qanday onlayn dars bo‘lmaydi. Biz asosan o‘zimiz mustaqil o‘qiymiz, ular esa oylik olib, istagan paytda g‘oyib bo‘lishadi.

Dekan va yotoqxona haqida

— Keyin dekan bor. Bu odam telba. Soqolimizni olishimizni so‘rab, bizni muntazam ta’qib qiladi. Tushunaman, bu “vazirlik qoidalari” yoki nima bo‘lsa ham, lekin inson, tinchlaning – soqolim imtihonlarni topshirishga xalal bermayapti-ku! Dekan haqida gapirsam, undan foyda yo‘q – hech qanaqa muammoni hal qilmaydi. U shunchaki o‘zini katta odamdek ko‘rsatib yuradi, buyoqda esa yotoqxona xarob bo‘lib yotadi. Ha, hind talabalar uchun ajratilgan yotoqxona. Jirkanch ahvolda. Hojatxonalar, omadimiz kelsa, oyiga bir marta tozalanadi, hamma joy mog‘or bosib ketgan, quvurlardan suv oqib yotibdi va hokazo. Har ikki oyda kimdir qizamiqqa chalinadi, ularning dohiyona yechimi esa bizni chorva fermadagidek tasodifiy vaksinalar bilan emlash bo‘ladi. Bu yerda gigiyena degan narsa – afsona.