Ishchilar Kashmirning Hindiston qismidagi Srinagar shahridagi shifoxona tomini qizil xoch bilan belgilashmoqda, 2025 yil 7 may
Sajjad Hussan / AFP / Scanpix / LETA

Hindiston Pokistondagi «terrorchilik infratuzilmalari»ga zarba yo‘lladi

6 may kuni kechqurun Hindiston «Sindur» harbiy operatsiyasi o‘tkazilishini e’lon qildi, uning doirasida mamlakat qurolli kuchlari Pokistondagi «terrorchilik infratuzilmalari»ga, shuningdek, Hindiston, Pokiston va Xitoy o‘rtasida bo‘lib olingan bahsli hudud – Kashmirning Pokiston hududidagi qismiga raketa zarbalari yo‘lladi.

Hindiston tashqi ishlar vaziri Vikram Misri hujum maqsadini «terrorchilik infratuzilmasini yo‘q qilish» deb atadi. Hindiston tomonining ta’kidlashicha, armiya terrorchilik infratuzilmasining to‘qqizta asosiy obektiga «aniq zarbalar» bergan, ulardan to‘rttasi Pokiston ichkarisida, yana beshtasi Kashmirning Pokiston nazoratidagi qismida joylashgan. Hindiston tomoni nishonlarning barchasi «muvaffaqiyatli zararsizlantirilgani»ni ma’lum qilgan.

Hindistondagi The Economic Times nashri nishonlar qatorida Hindiston hukumati turli terrorchilik guruhlari bilan aloqador deb hisoblagan o‘quv markazlari, uchirish maydonchalari, mashg‘ulot lagerlari va boshqa obektlarni sanab o‘tgan.

Pokistonning Kashmir qismidagi Muzaffarobod yaqinidagi masjid binosining zarba natijasida shikastlangan tomi
M.D. Mughal / AP / Scanpix / LETA
Kashmirning Pokiston nazoratidagi qismida joylashgan Muzaffarobodda zarba oqibatlari
M.D. Mughal / AP / Scanpix / LETA
Pokistonning Panjob viloyatidagi Muridke shahrida zarba kelib tushgan joy
K.M. Chaudary / AP / Scanpix / LETA

7 may tongida Hindiston bosh vaziri Narendra Modi Xorvatiya, Niderlandiya va Norvegiyaga safarini qoldirdi, deb xabar berdi CNN yuqori martabali mulozimga tayanib. Buning rasmiy sababi keltirilmagan, Modining o‘zi mojaro keskinlashuvi hamda Hindiston harbiy amaliyoti yuzasidan hozircha izoh bermadi.