O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Pokiston Hindistonga qarshi keng ko‘lamli harbiy operatsiya boshladi

Pokiston «Banyan-ul-Marsus» («Mustahkam devor») deb nomlangan keng ko‘lamli harbiy operatsiyani boshladi, deb xabar berdi Pokistonning Geo TV telekanali xavfsizlik manbalariga tayanib. Keyinroq Pokiston hukumatining X'dagi akkauntida operatsiya boshlangani haqidagi xabar paydo bo‘ldi.

Nashr manbalariga ko‘ra, amaliyot doirasida Pokiston armiyasi Hindiston hududidagi ko‘plab strategik nishonlarga zarba berishni rejalashtirgan. Nashr Hindiston-Rossiya qo‘shma korxonasi tomonidan ishlab chiqariladigan, tovushdan tez uchuvchi BrahMos raketalari ombori yo‘q qilingani haqida xabar berdi.

Shuningdek, nashr manbalariga ko‘ra, boshlangan operatsiya davomida Pokiston Hindistonning Udhampur va Pathankot havo bazalariga, armiya brigadasi qarorgohi va yirik harbiy omborga zarba bergan.

Bir necha soat oldin Pokiston armiyasi Hindistondan o‘zining havo bazalariga raketa hujumi uyushtirilganini e’lon qilgan va javob choralari bilan tahdid qilgan edi. Bazalardan biri Nur Xon Ravalpindi shahrida, poytaxt Islomoboddan 10 km uzoqlikda joylashgan. Shundan so‘ng butun mamlakat bo‘ylab havo hududi mahalliy vaqt bilan 10 may kuni tushgacha yopildi.

Hindiston ommaviy axborot vositalari, yuqoridagi xabarlarni tasdiqlovchi hech qanday zarbalar haqida xabar bermagan. Shuningdek, Hindiston rasmiylari avvalroq Pokiston havo bazalariga zarbalar berilgani haqidagi xabarlarga ham izoh taqdim etmagandi.

Yevroittifoq – AQShga avtomobillar va samolyotlarga bojlar bilan tahdid qilmoqda

Vashington bilan savdo mojarosida Yevropa Ittifoqi, agar AQSh hukumati bilan muzokaralar natija bermasa, Amerika avtomobillari, samolyotlari va boshqa mahsulotlariga javob bojlari joriy etish bilan tahdid qilgan. Bu haqda Yevropa Komissiyasining umumiy qiymati qariyb 95 milliard yevroga teng Amerika tovarlarini o‘z ichiga olgan takliflar ro‘yxatida aytilgan. Shu bilan birga, YeI – Trampning bojxona siyosatiga qarshi Jahon savdo tashkilotiga da’vo arizasi bilan murojaat qilishini ma’lum qildi.

«Yevropa Ittifoqi AQSh bilan muzokaralar yo‘lida yechim topishga qat’iy sodiq qoladi», deb yana bir bor ta’kidladi Yevropa Ittifoqi rahbari Ursula fon der Lyayyen. «Shu bilan birga, biz barcha mumkin bo‘lgan variantlarga tayyorgarlik ko‘rishni davom ettirmoqdamiz», deya qo‘shimcha qildi u ehtimoliy javob majburiyatlari bo‘yicha taklifni ratifikatsiya qilish imkoniyatiga ishora qilib.