Makmahonning muhokamali xati va Harvardning javobi

AQShda yangi ma’muriyat kelishi bilan mamlakatda oliy ta’lim muassasalarini moliyalashtirilmaslik bo‘yicha kampaniya boshlandi. Xuddi shu vaziyat ayni vaqtda dunyoga mashhur Harvard universiteti bilan ham yuz beryapti.

6 may kuni AQSh ta’lim vaziri Linda Makmahon Harvardga xat yo‘lladi. Hukumat vakili buni o‘zining X (sobiq Twitter)dagi sahifasida e’lon qildi. Unda Harvardning yirik moliyaviy jamg‘armasiga qaramay, federal grantlarni olib kelayotgani, ammo o‘zining qonuniy va axloqiy majburiyatlariga amal qilmayotgani ta’kidlanadi.

Harvard universiteti 53,2 milliard dollarlik jamg‘armaga ega bo‘lishiga qaramay (bu ko‘rsatkich 100 ta mamlakatning yalpi ichki mahsulotidan kattaroq) deyarli soliqdan ozod qilingan, har yili soliq to‘lovchilarning milliardlab dollar mablag‘ini oladi. Bu mablag‘larni olish huquq emas, balki imtiyozdir. Shunga qaramay, Harvard pullarni talabalar ta’limini rivojlantirishga sarflash o‘rniga federal qonunlarni muntazam ravishda buzib kelmoqda”, – deyiladi xatda.

Shuningdek, xatda universitetning xorijlik talabalar bilan bog‘liq muammolari, plagiat mojarolari, akademik standartlardan chekinishi va irqiy kamsitish siyosatini davom ettirayotgani haqida gap ketadi. Shu sababli hukumat Harvardga endi yangi federal grantlar ajratilmasligini ma’lum qilgan.

Yuqoridagi va boshqa tashvishli da’volardan kelib chiqib, sizga shuni ma’lum qilamizki, Harvard endi federal hukumatdan grant talab qila olmaydi, chunki grantlar ajratilmaydi. Harvard bundan buyon davlat mablag‘lari bilan emas, balki o‘zining ulkan jamg‘armasi va badavlat bitiruvchilari hisobiga faoliyat yuritadi”, – deya qayd etilgan hujjatda.

Harvard ma’muriyati Makmahonning xati e’lon qilinganidan 3 soat o‘tib o‘zining rasmiy saytiga “Yangi moliyaviy qo‘rquvlar” sarlavhasi bilan munosabatini joylagan:

Bugun biz ma’muriyatdan yana bir xat oldik. Unda Harvard universiteti ustidan misli ko‘rilmagan va noo‘rin nazorat o‘rnatishga urinishlar yana bir bor takrorlanmoqda. Bu talablar oliy ta’lim uchun salbiy oqibatlarni olib kelishi mumkin. Bugungi xatda, shuningdek, 21 aprel kuni Harvard sudga da’vo arizasini topshirgani uchun tadqiqot va innovatsiyalarga ajratiladigan mablag‘larni noqonuniy tarzda to‘xtatish tahdidi yangidan ilgari surilgan.