Bugun siyosat, urush va mulozamat haqida gaplashamiz. Kecha AQSh prezidenti Donald Trampning kabinetidagi telefon tingani yo‘q. Prezident ikki marta Zelenskiy bilan, bir marta Putin bilan, bir martadan Yevropa liderlari bilan telefon orqali muloqot qildi. Quyida bu muloqotdagi e’tibor berish kerak bo‘lgan ba’zi jihatlarga to‘xtalamiz. Ishoning, bu juda qiziqarli mavzu.

Zelenskiy bilan ikki marta

19 may kuni Tramp Putin bilan telefon orqali gaplashishi anons qilingandi. Lekin bu suhbat boshlanib ulgurmay uning atrofidagi tafsilotlar chiqa boshladi. Axborot asrida yashayapmiz axir. Ma’lum bo‘lishicha, Tramp Putin bilan muloqot qilishidan avval ham, keyin ham Zelenskiy bilan telefonda gaplashgan. Putin bilan muloqotdan keyin Zelenskiyga qo‘ng‘iroq qilganini Trampning o‘zi ham tasdiqladi.

Jurnalistlarning aniqlashicha, Tramp Putinga telefon qilishidan avval Zelenskiy bilan maslahat qilgan va qaysi masalalarni ko‘tarish mumkinligini so‘ragan. Zelenskiy eng avvalo o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishish kerakligini aytgan. Shuningdek, Rossiyaga qarshi sanksiyalar masalasini ko‘targan.

Yana bosimsiz suhbat

Donald Tramp o‘ziga tegishli Truth ijtimoiy tarmog‘ida Putin bilan gaplashganidan keyin post joyladi. Uning gaplaridan kelib chiqadiki, janob Tramp bu gal ham Putinga bosim o‘tkaza olmagan, qaytanga u bilan «juda yaxshi ohangda» suhbat o‘tkazgan.

«Hozirgina Rossiya prezidenti Putin bilan ikki soatlik muloqot o‘tkazdim. Rossiya va Ukraina tezda o‘t ochishni to‘xtatish va urushni butkul tugatish bo‘yicha muzokara boshlaydi. Shartlarni ikki tomon o‘zaro kelishib oladi, chunki muzokaralar detallarini faqat ular biladi. Muloqot ohangi juda yaxshi bo‘ldi.

Bu qonli urushdan keyin Rossiya AQSh bilan katta savdo aloqalari o‘rnatishni istaydi va men bu g‘oyani qo‘llayman. Rossiyada yangi ish o‘rinlari yaratish uchun imkoniyat katta, uning potensiali chegarasiz. Ukraina ham bu davlatni tiklash borasidagi savdo jarayonida muhim tashabbuskorga aylanishi mumkin. Rossiya va Ukraina o‘rtasida muzokaralar tezda boshlanadi. Bu haqda prezident Zelenskiyga aytdim», deb yozdi Tramp.

AQSh prezidentining aytishicha, Putin bilan muloqotidan keyin u Yevrokomissiya prezidenti Ursula fon der Lyayyen, Fransiya prezidenti Makron, Italiya bosh vaziri Meloni, Germaniya kansleri Mers va Finlandiya prezidenti Stubb bilan gaplashib, suhbat tafsilotlarini bo‘lishgan. Trampning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralar uchun navbatdagi maydon Vatikan bo‘lishi mumkin.