Nizom 2025 yil hosilidan boshlab har yili paxtadan 50 sentner/gektar, g‘alladan 80 sentner/gektardan yuqori hosil olganini soliq hisobotlarida aks ettirgan fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalariga kelgusi yilda ijaraga olingan jami yer maydonining 25 foiziga almashlab ekish usulida chorva uchun ozuqa, sabzavot, poliz, kartoshka, moyli va dukkakli ekinlarni ekish (joylashtirish) tartibini belgilaydi.

Har bir tumanda tuman (Quvasoy shahar) hokimligi tomonidan yuqori hosildorlikka erishgan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarni rag‘batlantirishga ko‘maklashuvchi tuman (Quvasoy shahar) ishchi guruhi namunaviy tarkibda tuziladi.

Yuqori hosildorlikka erishgan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari manzilli ro‘yxatga kiritish to‘g‘risida har kalendar yilning 20 dekabriga qadar ishchi guruhga elektron yoki yozma shaklda ariza bilan topshirilgan mahsulot hisob-fakturasi, soliq va statistika hisobotlarining tasdiqlangan nusxalarini ilova qilgan holda murojaat qiladi.

Ishchi guruh uch ish kunida quyidagilarni o‘rganib chiqadi:

  • paxta va g‘alla hosili elektron tarozi orqali qabul qilingani;
  • yuqori hosildorlik elektron hisob-faktura orqali tasdiqlangani;
  • yuqori hosildorlik soliq va statistika hisobotlarida aks ettirilgani;
  • hisobot va ko‘rsatkichlarning haqqoniyligi.

Ishchi guruh har kalendar yilning 25 dekabriga qadar yuqori hosildorlikka erishgan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari manzilli ro‘yxatini shakllantiradi.

Quyidagi hollarda yuqori hosildorlikka erishgan talabgorlarning manzilli ro‘yxatga kiritish to‘g‘risidagi murojaatlari rad qilinadi:

  • paxta va g‘alla hosili elektron tarozi orqali qabul qilinmaganda;
  • yuqori hosildorlik elektron hisob-faktura orqali tasdiqlanmaganda;
  • yuqori hosildorlik soliq hisobotlarida aks ettirilmaganda;
  • korxona va tashkilotlarning yagona davlat registri ma’lumotlar bazasida murojaat qilgan xo‘jalik yurituvchi sub’yekt faol holatda emasligi;
  • yuqori hosildorlikka hisobotlarga qo‘shib yozish yoki ikki va undan ortiq ishlab chiqaruvchilar ko‘rsatkichlarini sun’iy birlashtirish orqali yohud boshqa g‘ayriqonuniy harakat natijasida erishilgan bo‘lsa.