Tadbir Strategik islohotlar agentligi tashabbusi bilan tashkil etilgan bo‘lib, Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Markaziy Osiyo xalqaro instituti, Qozog‘istonning Strategik rejalashtirish va islohotlar agentligi bilan hamkorlikda, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi ko‘magida o‘tkazilmoqda.

Forsayt-seminarning kun tartibida 2050 yilgacha bo‘lgan davrga oid prognozlar muhokama qilinmoqda.
Diqqat markazida – demografik o‘sish, energetika, iqlim, suv resurslari, transport integratsiyasi va inson kapitali masalalari.

Shu bilan birga, mintaqada sanoat kooperatsiyasi va iqtisodiy hamkorlik ham muhim mavzular qatorida.

“Markaziy Osiyoda bugungi kunda 83 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladi. 2030 yilga borib mintaqa aholisining 60 foizi shaharlarda yashaydi. Bu esa infratuzilma, ta’lim, sog‘liqni saqlash va ish o‘rinlariga bo‘lgan ehtiyojning keskin ortishiga olib keladi. Bu shuningdek, aholining yashash sifati, xavfsiz muhit va ertangi kunga ishonch bo‘yicha kutilmalari oshib borishini anglatadi”, – deydi Strategik islohotlar agentligi direktori Bahodir Rahmatov.

Iqlim o‘zgarishi va suv resurslarini boshqarish mavzulari eng dolzarb yo‘nalishlardan biri sifatida qayd etildi. So‘nggi yillarda mintaqada o‘rtacha harorat 1,2°Sga oshgan, muzliklar maydoni 30 foizga, kishi boshiga to‘g‘ri keladigan suv ta’minoti esa yiliga 8,4 ming kub metrdan 2,5 ming kub metrgacha qisqargan. 2030 yilga borib bu ko‘rsatkich 1,7 ming kub metrdan pastga tushishi mumkin.

Seminar ekologiya va energetika sohasida, jumladan, qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tish hamda issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish bo‘yicha kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqish uchun maydon bo‘lib xizmat qildi.
Seminar davomida ishtirokchilar oldiga ikkita ustuvor vazifa qo‘yildi:
- birinchidan – Markaziy Osiyoning istiqbolda rivojlanishi bo‘yicha umumiy strategik qarashni shakllantirish, ya’ni qaysi jarayonlar muqarrar, qaysilari ehtimoliy va qay birlari mintaqa davlatlarining birgalikdagi harakatlariga bog‘liq ekanini aniqlash;


















