O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
G‘azoga yordam: «bosqinchilarning o‘q yomg‘iri ostida o‘lim tuzog‘i»
So‘nggi 48 soat ichida G‘azoda AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan va ko‘p tanqid qilingan insonparvarlik tashkiloti Gaza Humanitarian Foundation'dan yordam izlayotgan kamida 10 nafar falastinlik Isroil kuchlari tomonidan o‘ldirildi. Bu haqda qamal ostidagi G‘azo rasmiylariga tayanib, Al-Jazeera xabar bermoqda.
Hukumat bayonotida Isroil kuchlari «yordam olish uchun yig‘ilgan och falastinlik fuqarolarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘q uzgani» aytilgan. Kamida 62 kishi yaralangan. O‘q uzish holatlari aniq qaysi kunlarda sodir bo‘lgani yoki nechta alohida hodisa bo‘lgani darhol aniqlanmagan, biroq ikki kun davomida qurbonlar bo‘lgan.
«Bu joylar bosqinchilarning o‘q yomg‘iri ostida o‘lim tuzog‘iga aylantirildi», — deyiladi bayonotda. Bu voqealar «vahshiy jinoyat» sifatida baholangan.
O‘z navbatida, GHF chorshanba kuni G‘azoda rejalashtirilgan to‘rt tarqatish markazidan ikkinchisini ishga tushirganini bildirdi. Bu masala Nyu-Yorkdagi BMT Xavfsizlik Kengashining majlisida ham ko‘tarildi. Jazoir, Fransiya va Buyuk Britaniya vakillari Isroildan yordam yetkazilishiga to‘siqsiz ruxsat berishni so‘radi.
Mazkur markazlar insonparvarlik yordami yetkazib berish tizimining bir qismidir. Biroq BMT rasmiylari va gumanitar tashkilotlar bu tizimni keskin tanqid qilib kelmoqda. Ularning fikricha, agar Isroil yordamlarga ruxsat bersa, malakali tashkilotlar yordamni xavfsiz va keng miqyosda yetkazib bera oladi.
Falastinning BMTdagi elchisi Riyod Mansur Isroilni «yordamni urush quroliga aylantirayotganlikda» aybladi. Isroilning BMTdagi elchisi Dani Dannon esa BMTni «yordamga to‘sqinlik qilayotganlikda» aybladi va Isroilni genotsidda ayblagan BMTning humanitar masalalar bo‘yicha rahbari Tom Fletcherdan bayonotini rad etishni talab qildi.
G‘azo sog‘liqni saqlash bo‘linmasi xabariga ko‘ra, chorshanba tongidan beri G‘azoga uyushtirilgan Isroil hujumlarida kamida 63 kishi halok bo‘lgan. 2023 yil 7 oktyabrdan beri qurbonlar soni kamida 54 ming kishidan oshib ketdi. Jarohatlanganlar soni esa 123 308 kishi.
G‘azoda atigi 17 ta shifoxona qisman ishlamoqda, dorilar va kislorod yetishmovchiligi esa juda jiddiy. Bunga qo‘shimcha ravishda, Qizil Xoch tashkiloti janubiy G‘azodagi al-Mavasi hududidagi dala shifoxonasi chorshanba ertalab Isroil o‘qiga nishon bo‘lganini, bu esa bemorlar orasida vahima va jarohatlarga sabab bo‘lganini ma’lum qildi.














