Sarlavhani ko‘rib yana Tramp haqidami, deb koyimang. Ishoning, AQSh prezidenti yana avvalgi – har bir tviti xabar qilinadigan formasiga qaytib oldi. Birinchi muddatida axborot olami uchun eng mashhur tarmoq – Tvitter'ni «portlatardi», endi jurnalistlar Trampni o‘qish uchungina kiradigan Truth orqali kimgadir nafratini sochib, kimgadir tahdid qilmoqda.

Respublikachi ikkinchi muddati boshida aytgan gaplarini eshitgan konspirologik uydirma muxlislari «Tramp chindan KGB agenti ekan», degan fitna nazariyasiga chin dildan ishona boshlagandi. Biroq mister Tramp oxirgi ikki-uch kunda siyosat haqida suhbat boshlanganda davrani hech kimga bermaydigan bu tovarish safsatabozlar rivoyatini rasvo qildi.

Tramp: «Putin olov bilan o‘ynashyapti»

AQSh prezidenti Tramp Rossiya navbatdagi marta Ukrainani bombalaganini qoralarkan «Putin aqldan ozganini» aytgandi. Bu hali hammasi emaskan, oxirgi telefon suhbatidan keyin Putinga nisbatan ritorikasi o‘zgargan Tramp endi Putin «olov bilan o‘ynashayotganini» aytib chiqdi. 28 fevral kuni Tramp xuddi shu iddaoni prezident Zelenskiyga nisbatan ishlatgandi.

«Men bo‘lmasam, Rossiya bilan JUDA YoMON ishlar sodir bo‘lardi. Vladimir Putin buni tushunmay olov bilan o‘ynashyapti», deb yozdi Tramp Truth ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida. AQSh prezidenti bu gal JUDA YoMON so‘zini katta harflarda yozdi. U odatda o‘z postlarida qaysidir so‘zga urg‘u berishni istasa, uni capslock'da yozadi. Tramp bu gal Putinga e’tirozi sababini yozmadi. Aftidan, bu AQSh prezidenti oldinroq Putin haqida yozgan postining mantiqiy davomi bo‘lsa kerak.

Medvedev «ishga kirishdi»

Dmitriy Medvedev degan odam esingizda bo‘lsa kerak. Unutganlar uchun eslataman: 2008 yildan 2012 yilgacha bosh vazir Putinning soyasida 4 yil Rossiya prezidenti lavozimida ishlagan sobiq «Gazprom» xo‘jayini. Hozir Medvedev faol tarzda Telegram-kanal yuritadi. U Trampning Putin haqida aytgan gaplariga munosabat bildirdi. «Men faqat bitta chinakam yomon narsani bilaman: Uchinchi jahon urushi. Umid qilaman, Tramp buni tushunadi», deb yozdi Medvedev.

Rossiya sobiq prezidentiga Tramp ma’muriyatida prezidentning Rossiya bo‘yicha vakili darajasida javob berishdi. «Uchinchi jahon urushi bilan qo‘rqitish katta davlatga xos bo‘lmagan, o‘xshamagan izoh bo‘ldi. Prezident Tramp urushni tugatishga intilmoqda. Biz bir hafta oldin va’da qilganingiz memorandumni kutyapmiz. O‘t ochishni tezda to‘xtating», deb yozdi Trampning maxsus vakili Kit Kellog Medvedevga javoban.