2024 yil 29 noyabr. “Navoiy-Toshkent” yo‘nalishida qatnaydigan avtobusda “posadchik” bo‘lib ishlaydigan yigit uyiga qaytmaydi. O‘zbekiston karlar jamiyati Navoiy viloyat hududiy bo‘limi raisi lavozimida ishlaydigan turmush o‘rtog‘i “Sizlar bilan ketgandi, topib beringlar”, deya avvaliga avtobuschining oldiga boradi. So‘ngra IIBga murojaat qiladi. Hamma uni izlar, biroq 33 yoshli yigit hech qayerda yo‘q edi. Oradan 54 kun o‘tib u topildi, faqat murdasi: yigit qotillik qurboni bo‘lgandi.

Shunday jinoyatlar bo‘ladiki, qaysidir jihati bilan yillar davomida odamlar xotirasida muhrlanib qoladi. 2024 yilning noyabr oyi oxirida Karmana tumanida sodir etilgan qotillikni ham navoiyliklar, ayniqsa g‘avvoslar hali-beri unutishmasa kerak. Chunki qotillik qurboni bo‘lgan 33 yoshli yigitning murdasi Zarafshon daryosidan qariyb 2 oy davomida izlangan. Maqolada ushbu jinoyat tafsilotlari haqida to‘xtalib o‘tamiz.

Yo‘qolib qolgan “posadchik”

Davron Kenjayev va Maftuna Husainova 2012 yilda turmush qurishgan. Ular ikki farzandi bilan Karmana tumanining Kattamachid mahallasida istiqomat qilishardi.

Davron Kenjayev “Navoiy-Toshkent” yo‘nalishida qatnaydigan avtobuslarning birida yo‘lovchilarni yo‘naltiruvchi (posadchik) bo‘lib ishlagan. U mehnatkash, uyim-joyim deydigan oddiy yigit bo‘lgan. 1990 yilda tug‘ilgan Maftuna Husainova esa O‘zbekiston karlar jamiyati Navoiy viloyat hududiy bo‘limi raisi lavozimida ishlagan.

Davron 2024 yil 29 noyabr kuni erta tongda ishga ketganicha uyiga qaytmaydi. Ertasi kuni ham daragi bo‘lavermagach, turmush o‘rtog‘i avvaliga eri bilan birga ishlaydiganlarga qo‘ng‘iroq qilib, uni so‘raydi. “Sizlar bilan birga ketgan edi-ku”, deydi ayol xavotirli ohangda. So‘ngra turmush o‘rtog‘i yo‘qolib qolgani haqida ichki ishlar bo‘limiga xabar beradi.

Ishi tugashi bilan uyiga yuguradigan Davronning birdan yo‘qolib qolishi uning yaqinlarini oyoqqa turg‘izgandi: hamma uni izlashga tushadi, biroq ha deganda topilavermaydi. Davron mudhish qotillik qurboni bo‘lganini bu paytda hech kim bilmasdi.

Oshiq taksist

Davron va Maftuna bir qarashda atrofdagilarga baxtli oila kabi ko‘rinardi: har ikkisi ishli, farzandlari bor, birovdan kam joylari yo‘q. Hatto Maftuna bolalarini maktab va bog‘chaga olib borib-keltirish, o‘zining yumushlari uchun shaxsiy taksist ham tutib qo‘ygandi. Bu 1992 yilda tug‘ilgan Soyib Primov edi.