30 may kuni Ostona shahrida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston va Italiya rahbarlarining birinchi «Markaziy Osiyo – Italiya» sammiti bo‘lib o‘tdi. Sammit yakunida qabul qilingan qo‘shma deklaratsiya tomonlar o‘rtasidagi siyosiy irodani, umumiy maqsadlar va barqaror rivojlanishga bo‘lgan intilishni ifodalaydigan muhim siyosiy hujjat sifatida tarixda qayd etildi.

Deklaratsiyada so‘nggi o‘ttiz yil mobaynida shakllangan do‘stona munosabatlar, ikki tomonlama hamkorlikning kengayishi va Yevropa hamjamiyati bilan integratsiya jarayonlari yuqori baholandi. Italiya hukumati tomonidan Markaziy Osiyo mamlakatlarining o‘zaro hamjihatlik, mintaqaviy barqarorlik va iqtisodiy taraqqiyot sari qaratilgan harakatlari qo‘llab-quvvatlandi. Sammit davomida jahon siyosati kun tartibini belgilab borayotgan bir qator global muammolar – iqlim o‘zgarishi, suv resurslari, ekologik muvozanat, xavfsizlik va barqaror infratuzilmani ta’minlash masalalari bo‘yicha yondashuvlar hamohangligi alohida ta’kidlandi.

Deklaratsiyada O‘zbekiston uchun dolzarb bo‘lgan yo‘nalishlar ham o‘z aksini topdi. Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash, Orol dengizi inqirozi va muzliklarni muhofaza qilish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha amaliy loyihalarni ilgari surish, transqit’aviy transport va logistika tizimlarini takomillashtirish, inson kapitalini rivojlantirish, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash va yoshlar siyosatida hamkorlikni chuqurlashtirish – bularning barchasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surib kelinayotgan strategik tashabbuslar bilan uyg‘unlikda namoyon bo‘ldi.

Italiyaning mintaqadagi faol ishtiroki, uning texnologik innovatsiyalar va sanoat salohiyatini Markaziy Osiyo bozoriga jalb etishga bo‘lgan qiziqishi, transport logistika tizimlarida ishtirok etish niyati, ta’lim va kasbiy tayyorgarlik sohasidagi loyihalarda sherik sifatida qatnashishga tayyorligi – bularning barchasi ushbu sammit orqali amaliy yo‘l xaritasiga aylandi. Shuningdek, xavfsizlik, kiberxavflar, migratsiya, ekstremizm va giyohvand moddalar muomalasiga qarshi kurashish sohalarida axborot va tajriba almashinuvi, kadrlar tayyorlash va huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.