Buyuk Britaniyada yaşovçi Jozef Harris-Bertill 2 yoşu 182 kunligida Mensa — IQ darajasi yuqori bölgan insonlar xalqaro klubining eng yoş a’zosiga aylandi, deb xabar beradi Daily Star.

Mensa klubiga a’zo böliş uçun IQ darajasi kamida 132 bölişi kerak, sayyoradagi insonlarning faqat 2 foizi şunday körsatkiçga ega.

Ikki yoşli Jozef Harris-Bertill rekord darajadagi IQ körsatkiçiga ega bölib, öz yoşi uçun ğayrioddiy qobiliyatlarni namoyon qilmoqda — u Morze alifbosini örganyapti, yunon alifbosini biladi va şaxmat öynaydi.

Bolaning ota-onasi uning bilimlari tengdoşlariga nisbatan ança ustun ekanini payqab, bu holatni örganib çiqqanidan keyin Mensa — yuqori intellekt egalari jamiyatiga murojaat qilgan.

«Men internetdan har qanday qöşimça qöllab-quvvatlovni qidirdim va Mensa yuqori qobiliyatga ega bolalar uçun resurs hamda a’zolik taklif qilişini körib qoldim», — deydi Rouz Harris-Bertill.

Bolaning ota-onasiga köra, Jozef yetti oyligidayoq birinçi sözini aytgan 1 yoş 9 oyligida esa birinçi kitobini öqigan.

Kiçik dahoning ota-onasi olimlar bölib, ular Sent-Endryus universitetida işlaydi: otasi Devid — katta öqituvçi, onasi Rouz esa şu universitetning faxriy katta öqituvçisi.

Jozefning qiziqiş doirasi kengayişda davom etmoqda. Ota-onasining aytişiça, u endilikda davriy jadvalga qiziqib qolgan. Şuningdek, yangi sözlar va murakkab atamalarni örganişga ham iştiyoqi katta.

«Har bir inson butun hayoti davomida mos rağbat va tuşunişga muhtoj. Afsuski, iqtidorli öquvçilarning noyob iste’dodlari köpinça ular uçun möljallanmagan muhitga moslaşişga majbur qiladigan bosim tufayli yöqqa çiqarilişi mumkin», — deydi bolaning onasi.