Shahar hokimi Shavkat Umrzoqovning so‘zlariga ko‘ra, prezident qahramonlarcha halok bo‘lgan Abdumannop Samiqovning voyaga yetmagan farzandlarini o‘qitish, ishli qilish topshirig‘ini bergan. Kun.uz muxbirining: “Voqeaga prezident e’tibor qaratmaguncha nega shahar hokimligi sukut saqladi?” degan savoliga hokim oilaning holidan xabar olingani, lekin bu haqda OAVga ma’lumot berilmaganini aytdi.
5 may kuni Toshkent shahridagi Bo‘rijar kanalida oqib ketayotgan ikki qizaloqni qutqarib qolgan Abdumannop Samiqov (marhum) va Nurmuhammad Mamasaliyev O‘zbekiston prezidentining farmoni asosida “Jasorat” medali bilan taqdirlandi.
Medallarni marhum Samiqovning yaqinlariga va Mamasaliyevga 3 iyun kuni poytaxt hokimligida bo‘lib o‘tgan tadbirda hokim Shavkat Umrzoqov va favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi o‘rinbosari Sanjar Zuparov topshirdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.
Poytaxt hokimi Umrzoqov tadbirdagi nutqida qahramonlarcha halok bo‘lgan Abdumannop Samiqovning yaqinlariga davlat rahbarining ta’ziyasini yetkazdi, shuningdek, o‘zi va shahar deputatlari nomidan hamdardlik bildirdi.
“O‘ylaymanki, bu voqea kitoblarda yoziladi; maktablarda, institutlarda inson qanaqa bo‘lishi kerak deganda hali ko‘p marta namuna sifatida ko‘rsatiladi. Hammamiz uchun ayanchli holat. Hurmatli prezidentimiz menga topshiriq berib: “Mening nomimdan hamdardlik bildirgin, uchta voyaga yetmagan farzand – mening farzandlarim, sen o‘zing ularni o‘qitasan, ishli-joyli qilasan” deb aytdilar. Shuning uchun, tuman hokimi bilan birgalikda, ular endi bizning farzandlarimiz. Maktabdagi o‘qishi bo‘ladimi, kerak bo‘lsa repetitorga berib, shu inson farzandi kim bo‘lishini xohlagan bo‘lsa, shunaqa qilib tarbiyalab, otaliqqa olib, o‘stiramiz. U insonga biz loyiq bo‘laylik.
Ishoning, men shaxsan hokim sifatida yoningizda turaman. Prezidentimizning xohishlari shu.
To‘g‘risi, qattiq hayajondaman. Bu voqeani eshitgan kunimdan beri, ishoning, men yolg‘on gapirmayman... Biz o‘zimizga tegishli juda qattiq xulosa chiqardik. Qurilish jarayonidagi kamchiliklarni tekshirishyapti”, – dedi Umrzoqov.










