Rasmiylarning aniqlik kiritishicha, qurbonlardan olti nafari ayol, uch nafari erkak bo‘lgan, ammo hozirgacha ulardan qanchasi bolalar, qanchasi katta yoshli kishilar ekani ma’lum emas.

Bungacha halok bo‘lganlardan biri o‘qituvchi ekani xabar qilingandi.

Fojiadan keyin voqea joyida o‘z joniga qasd qilgan hujumchining ismini rasmiylar hamon ma’lum qilmayapti, ammo politsiya bu 21 yoshli avstriyalik ekani, Grats shahri chekkasida yashab kelganini xabar qilgan.

Versiyalardan biriga ko‘ra, hujum shu bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Biroq politsiya departamenti vakillari surishtiruv ishlari endigina boshlangani va hozircha sabablar bo‘yicha biror xulosa chiqarish imkonsizligini ta’kidlagan.

Jinoyat joyida ikkita to‘pponcha topilgan, bundan kelib chiqadiki, hujumchi ikki stvoldan o‘q uzgan bo‘lishi mumkin.

Rasmiylar qurol hujum qilgan shaxsga qonuniy asosda tegishli bo‘lganini ma’lum qildi. Bu ikki quroldan tashqari, unda boshqa o‘qotar qurol uchun ham litsenziya bo‘lgan.

U ilgari politsiya hisobida turmagan.

Uning jasadi maktab hojatxonalaridan biridan topilgan.

Avstriya IIV rahbari, shuningdek, kunduzgi matbuot anjumanida 12 kishi og‘ir jarohat olganini ma’lum qildi. Avvalroq Avstriya nashrlarida 30 kishi jarohatlangan holda shifoxonaga yetkazilgani haqida xabar tarqalgandi.

Avstriya kansleri Kristian Stoker butun mamlakat bo‘ylab uch kunlik motam e’lon qildi, u chorshanba kuni bir daqiqalik sukut bilan boshlanadi.

Hujum haqida yana nimalar ma’lum?

Hodisa mahalliy vaqt bilan ertalabki soat 10 da sodir bo‘lgan. Xabar qilishlaricha, hujum qilgan shaxs ikkita sinfxonaga qarata o‘t ochgan, shundan keyin o‘z joniga qasd qilgan.

Hujum vaqtida maktabda aynan nimalar sodir bo‘lgani haqida hozircha guvohlarning ko‘rsatmalari yo‘q.

Ammo Kronen Zeitung tabloidi muxbiri maktabdagi o‘qituvchi ayollardan birining turmush o‘rtog‘i bilan gaplashishga muvaffaq bo‘lgan. U o‘z rafiqasi o‘quvchilari bilan birgalikda sinfxona ichida qamalib olganini aytib bergan. 

Qurbonlarning ismlari ham keltirilmayapti.

«Men yo‘lning narigi tomonidagi turar joy majmuasida yashayman va bu maktabga qatnaydigan bir necha bolalarni taniyman. Men uchun bu juda katta shok. Umid qilamanki, hammasi joyida», — deya 22 yoshli Mark Noldendan iqtibos keltiradi Avstriya matbuoti.