Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumanidagi 35-maktab o‘qituvchisi bitiruvchilarga ona tili va adabiyot fanidan bo‘lib o‘tgan imtihonning javoblarini sotishga uringani aytilmoqda.

Bu haqda sinfxonada voqea guvohi bo‘lgan o‘quvchilardan biri o‘zining YouTube sahifasiga joylagan videosi orqali xabar bermoqda

Ammo videoda aynan testlarning javobi sotilayotganiga oid biror so‘z aytilmagan. O‘qituvchi 6 varaqning narxi 5 ming so‘mligini bildirgan. 

“Yo‘q, men “kserokopiyachi”ga eltib beraman, meniki emas, taxlab qo‘yibdi, shahar markazi atrofidan sotvolib olib ketyapti, men ham sotib oldim. To‘g‘risini aytaman, nima keragi bor? Men “qaytarib pulini olib kelib beraman sota olmasam” dedim, mayli deyishdi”, – degan u. 

Kun.uz holatga aniqlik kiritish maqsadida video muallifi bilan bog‘landi. uning aytishicha, voqea 28 may kuni ona tili va adabiyot fanidan o‘tgan imtihonda bo‘lgan. “Shunda o‘qituvchi imtihon javoblarini o‘quvchilarga sotdi”, – dedi u. 

Tahririyat ayni holat haqida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga xabar bergandi. Shunga ko‘ra, vazirlikning Qashqadaryo viloyati boshqarmasi 9 iyun kuni o‘rganishlar boshlanganini ma’lum qildi.

Ammo hozircha qo‘shimcha axborot berilmadi.