O‘zbekiston Markaziy banki firibgarlikka qarshi kurashish maqsadida bir shaxsda bo‘lishi mumkin bo‘lgan bank kartalari soniga cheklov joriy qilgan. Unga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvardan 31 dekabrgacha jismoniy shaxslarning nomidagi milliy valutada ochilgan kartalar soni bir vaqtning o‘zida 20 tadan oshmasligi kerak (bunga virtual kartalar ham kiradi). Agar limit to‘lgan bo‘lsa, fuqaro yangi karta ochtirish uchun amaldagi hisobvaraqlaridan kamida bittasini yopishi kerak.

Regulyatorning qayd etishicha, bu masala qonunchilik darajasida hal etilmagan va shu sababli ba’zi fuqarolar 100 dan ortiq kartaga ega bo‘lgan holatlar mavjud. Bu – firibgarlik holatlariga yo‘l ochyapti.

Yangi tartib firibgarlik jinoyatlarini qanchalik kamaytirgani ma’lum emas. Shunisi ma’lumki, bu – firibgar bo‘lmagan oddiy odamlar uchun muammo tug‘diryapti. Chunki bank kartasini yoptirish – hamma banklarda ham oson jarayon emas.

Mijozlar kartasini mobil ilova orqali onlayn bloklashi mumkin, lekin bu bilan ish bitmaydi: hisobraqamni ham butkul yoptirish kerak. Bu esa, Kun.uz suhbatdoshlariga ko‘ra, byurokratiya va ovoragarchilik degani.

Muammo davlat banklarida ko‘proq bo‘lishi mumkin

Kasbi dasturchi bo‘lgan va ilgari bankda ishlagani uchun testdan o‘tkazib ko‘rish maqsadida ko‘plab kartalar ochgan Javohir o‘nga yaqin banklar bilan bo‘lgan tajribasini Kun.uz'ga aytib berdi.

— Ish davomida test qilib ko‘rish uchun ko‘p karta ochganman, ular turli banklarning virtual kartalari. Mart oyida yangi ishga o‘tganimda, oylik karta chiqarib bo‘lmadi. Sababi 20 tadan ko‘p kartam mavjud ekan. Keyin Telegram'dagi @CardXabarBot va @HUMOCardBot orqali kartalarim sonini ko‘rdim, qaysi bankda nechtadan ochilganiga qarab yopishni boshladim.

1. Onlayn yopishga harakat qilib ko‘rdim. Qaysi bank koll-markaziga telefon qilsam, bank filialiga boring, degan javobni oldim. Faqatgina TBC'da onlayn yopishning imkoni bo‘ldi.

2. Banklarga borishni boshladim. Ipak yo‘li bank, Aloqabank, Kapitalbank va KDB bankida muammosiz, ariza bilan yopa oldim.

3. Ikkita davlat bankida esa muammoli holat bo‘ldi (Kun.uz ularning nomlarini keltirmayapti – tahr.): filialga borsam: “Bu karta bizda ochilmagan, bu filialga boring, bizda ko‘rinmayapti” deyishdi (virtual kartaligiga qaramay). Koll-markaziga telefon qilganimda, kartani yopib bo‘lmasligini, kartaning amal qilish muddati tugasa avtomatik o‘zi yopilishini aytdi. Lekin amal qilish muddati tugaganda hisobraqam avtomatik yopilmaydi. Yopa olishmayotgani haqida portalga chiqdim. Keyin qayta aloqaga chiqishdi va markaziy ofisiga borib ariza berishimni so‘rashdi, bu esa noqulay edi. Bormadim, bankda karta yoptirishga xohishim ham, vaqtim ham yo‘q.