O‘zbekistonda yo‘llarda eng qisqa umr ko‘radigan narsa nima deb o‘ylaysiz? Asfalt emas. Yo‘l chiziqlari. To‘g‘ri, ular vaqt o‘tishi bilan eskiradi. Ammo ayrim holatlarda yo‘l chiziqlari 1-2 hafta ichida yo‘q bo‘lib ketishi ko‘p kuzatiladi. Ammo bu yerda gap odam hayoti xavfsizligiga borib taqaladi.
Yo‘l chiziqlari va belgilari — shahar infratuzilmasining bir qismi emas, balki inson hayotiga bevosita ta’sir qiluvchi xavfsizlik kafolati hisoblanadi. Ammo amalda ularga nisbatan bo‘lgan munosabat ko‘p hollarda shunchaki “rasmiy topshiriqni bajarish” darajasida qolmoqda.
Sifatli yo‘l chiziqlari:
· tunda va yomg‘irli ob-havoda ko‘rinarli bo‘lishi kerak;
· tez to‘kilib ketmaydigan, uzoq muddat saqlanadigan materiallardan tayyorlanishi shart;
· harorat o‘zgarishiga chidamli, harakat tezligiga mos tarkibda bo‘lishi talab etiladi.
Sifatli yo‘l belgilari esa:
· nur qaytaruvchanligi yuqori bo‘lishi,
· havo ta’sirida shakli va rangini yo‘qotmasligi
· va eng muhimi jahon standartlariga javob berishi lozim.

Biroq kuzatuvlar shundan dalolat beradiki, ayrim hududlarda belgilar bir necha oyda zanglab, chiziqlar esa bir necha haftada izsiz yo‘qolib ketmoqda. Bu — faqat moliyaviy zarar emas, balki odam hayotiga xavf tug‘diradigan javobgarlikdir.

Aslida boshqa mamlakatlarda yo‘l chiziqlari 6 oydan 2 yilgacha xizmat qiladi. Bizda esa ba’zi hollarda 1 oy ham chidamaydi. Nega? Javob oddiy: sifati past va arzon materiallar. Xo‘sh, o‘zi bu chiziqlarning sifati qanday bo‘lishi kerak?
Kun.uz bu savolga javob topish maqsadida Toshkent viloyatida joylashgan AVTOROAD BELGI MARKERING bo‘yoq ishlab chiqaruvchi korxonada bo‘ldi. “Avtobelgi Road Marking” MChJ qo‘shma korxonasi bosh muhandisi Alisher Uzoqov ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifati haqida ma’lumot berdi.










