O‘zbek moliya magnati Parij markazida o‘g‘irlab ketildi, so‘ng tovon puli evaziga qo‘yib yuborildi, deya xabar tarqatdi Fransiyaning Le Monde nashri.

Nashrning yozishicha, Anorbank aksiyadori Kahramon Olimov 23 iyun kuni Parijning 8-tumanida o‘g‘irlab ketilgan va 2 kun tutqunlikda ushlab turilgan.

Tadbirkor 21 iyun kuni kotibi bilan Toshkentdan Parijga uchib borgan – u Fransiyaga tez-tez borib turgan va bu safar ham fransuz hamkorlari bilan uchrashish uchun safar qilgan. Bundan tashqari, u ko‘chmas mulk sotib olish bo‘yicha bitimni yakunlash niyatida edi.

O‘sha kunning o‘zida mehmonxona barida uning oldiga o‘zini Anastasiya deb tanishtirgan notanish ayol kelgan. Taxminan 25 yoshlardagi ayol unga rus va ingliz tillarida gapirgan, Turkiyadagi go‘zallik salonida ishlashini aytgan. Hashamatli aksessuarlar – ustidagi Louis Vuitton pidjagi va qo‘lidagi Tiffany bilaguzugi esa uning so‘zlariga mos kelmasdi.

Tadbirkor unga telefon raqamini bergan, biroq o‘sha oqshom yana uchrashish taklifini rad etgan. Keyingi kuni ertalab Olimov Anastasiya unga deyarli tun bo‘yi xabarlar yuborganini ko‘rgan, so‘ngra uning baliq restoranida tushlik qilish taklifiga rozi bo‘lgan.

Ular mehmonxonadan bir necha qadam naridagi Jorj Giyomen maydoniga yetib kelishganda notanish shaxs tomonidan to‘xtatilgan. Rus tilida kuchli «chechencha aksent» bilan gapirgan bu shaxs va unga hamrohlik qilgan ikki erkak bankirning qo‘llarini qayirib, mikroavtobusga olib chiqishgan. Anastasiya esa Olimovning politsiya chaqirish haqidagi iltimosini e’tiborsiz qoldirgan.

Bankirning so‘zlariga ko‘ra, mikroavtobus baland panjarali uygacha bir necha soat yurgan. U yerda Olimov o‘g‘rilardan birini tanigan, uni «qonundagi o‘g‘ri» va nufuzli jinoiy guruh a’zosi deb atagan.

Uning aytishicha, bu shaxs Olimovning yirik bankdagi sobiq sherigi B.R.ning ishonchli vakili hisoblanadi (2017 yilda Olimov «Kapitalbank»da boshqaruv raisi bo‘lib ishlagan, u yerda uning 36 foizdan ortiq ulushi bo‘lgan). Taxminan o‘n yildan beri bu sobiq hamkor Olimovni, uning Turkiyaga «quvg‘in qilingan va vaqtinchalik badarg‘a bo‘lgan» paytidan foydalanib, bankdagi ulushini sotib olganlikda ayblab keladi.

«Nihoyat seni tutdik! Sen mendan 10 million dollar qarzsan», – degan o‘g‘rilardan biri va Olimovni urgan.