6 iyul kuni Superliga 15-turi doirasida Samarqandda mezbon «Dinamo» va Qarshining «Nasaf» klubi o‘rtasidagi o‘yindan (2:2) keyin mojaroli holat yuzaga keldi. Qashqadaryo klubi matbuot xizmati xodimi Sarvar Bobonazarov X ijtimoiy tarmog‘ida samarqandlik va andijonlik muxlislarni qo‘pol so‘zlar bilan haqorat qildi.

O‘yinning 1-bo‘limiga qo‘shib berilgan daqiqalarida «Dinamo» penaltidan gol urib, 2:1 hisobida oldinga chiqib olgandi. Ikkinchi bo‘lim oxirida «Nasaf» ham gol urib, hisobni tenglashtirdi.

O‘yindan keyin Sarvar Bobonazarov (O‘ktamzoda) X ijtimoiy tarmog‘ida o‘yin natijasi va penalti haqqoniy bo‘lmagani haqida ehtirosli va haqoratli postlarni yozdi.

U o‘yinda VAR texnologiyasidan foydalanilmaganida mezbonlar klubini ayblagan.

Shuningdek, oldinroq «Dinamo»ga qarshi o‘yindan keyin hakamlikdan norozi bo‘lgan «Andijon» klubi muxlislarini yomon so‘z bilan eslagan. 

7 iyul kuni «Dinamo» PFK Sarvar Bobonazarovning ijtimoiy tarmoqlar orqali raqib jamoa va butun viloyat sha’niga bildirgan haqoratli fikrlari bo‘yicha «Nasaf» PFKdan rasmiy tushuntirish so‘radi.

«Superliga 15-turi doirasidagi «Dinamo» va «Nasaf» (2:2) o‘rtasidagi uchrashuvdan keyin Qarshi klubi matbuot xizmati vakili Sarvar O‘ktamzoda (Bobonazarov) «X» (tvitter) ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida (3672 obunachiga ega) Samarqanddagi o‘yinda VAR texnikasi Jizzaxdan yetib kelmagani sababli mezbon klub sifatida Samarqand jamoasini haqoratlagan. Ayniqsa, uning samarqandliklarni tahqirlovchi haqorati turli ijtimoiy tarmoqlar, guruhlarda keskin muhokamaga sabab bo‘lmoqda.

«Nasaf» PFK matbuot xizmati vakili, Qarshidagi «Markaziy» stadioni suxandoni sanalmish Sarvar O‘ktamzoda (Bobonazarov) tomonidan muxlislar o‘rtasida adovatni qo‘zg‘ovchi, keskinlikka sabab bo‘layotgan bildirilgan fikrlar bo‘yicha «Dinamo» PFK «Nasaf» klubidan rasmiy tushuntirish so‘raydi. Klub bu borada qat’iy chora ko‘rishni talab qiladi.