Jahon | 18:48 / 09.07.2025
1737
2 daqiqa o‘qiladi

XAEA rahbari Yevropa davlatlarini yadro quroliga ega bo‘lishga urinishdan qaytardi

Rafael Grossi so‘zlariga ko‘ra, yadro qurolini yaratish salohiyati butun G‘arbiy Yevropa, shuningdek, Osiyo va Fors ko‘rfazi mamlakatlarida mavjud.

Foto: Reuters

Xalqaro atom energiyasi bo‘yicha agentlik (XAEA) rahbari Rafael Grossining aytishicha, yadro quroliga ega bo‘lmagan Yevropa davlatlarining uni qo‘lga kiritishga urinishlari dunyo tartibini «o‘rmon qonuniga» aylantiradi.

«Keyin yadroviy tiyib turish mexanizmi amal qilmay qo‘yadi va bu qurol amalda qo‘llaniladi», dedi u.

Grossining so‘zlariga ko‘ra, yadro qurolini yaratish salohiyati butun G‘arbiy Yevropa, shuningdek, Osiyo va Fors ko‘rfazi mamlakatlarida mavjud.

XAEA rahbarining fikricha, Germaniyaga yadro qurolini yaratish uchun bir necha oy kerak bo‘ladi. Germaniya uni qanday yaratishni biladi va unda kerakli komponentlar mavjud. Rafael Grossi Yadro qurolini tarqatmaslik haqidagi shartnomaga rioya qilishga chaqirdi. Aks holda 20-30 ta davlat yadro arsenaliga ega bo‘ladi.

Ayni paytda to‘qqizta davlat yadro quroliga ega: AQSh, Rossiya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Isroil va Shimoliy Koreya.

Iyun oyida Bundestag deputati Yyens Shpan Germaniya boshchiligida Yevropada «yadroviy soyabon» yaratishga chaqirdi. U Germaniya Buyuk Britaniya va Fransiyaning yadroviy arsenallariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirish huquqiga ega bo‘lishi kerak, degan fikrni ilgari surdi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid