Bir muddat avval “Yoring, Sherbek” deya baqirib, tanqidlarga uchrab tergovga tortilgan Dilorom Jabborova yana shunday jazavali va g‘ayritabiiy usuli bilan qaytdi.

Yodingizda bo‘lsa bolalarni bu usulda qiynash amaliyoti xorijlik mutaxassislarni ham hayratga solgan va rossiyalik defektolog Natalya Shutova buning jinoyat ekanini aytgan edi.

“Bugun bunaqa “shamanlar” gullab-yashnamoqda va odamlar ularga o‘zlarining bebaho boyliklari — farzandlarini olib kelishlari aql bovar qilmaydi. Men bilaman, Rossiyada ham bor bunaqalar” degan edi u.

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda o‘zini "defektolog-psixolog" deb tanitgan Dilorom Jabborovaning bolalarni itdek akillatgani aks etgan videosi qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Xo‘sh, faoliyati qayta-qayta tanqid qilinsa-da trendda bo‘lishni afzal bilayotgan Dilorom Jabborova o‘zi kim?

Uning sohada qanday ma’lumotga ega ekani jamoatchilikka ma’lum emas. So‘nggi yillarda ijtimoiy tarmoqlar orqali nutqida muammosi bor bolalarni g‘ayrioddiy usullar bilan davolashni va’da qilib mashhurlikka erishayotgan defektologning o‘zi bilan bog‘lanib, faoliyat yuritishi uchun qanday rasmiy ruxsatnomalarga ega ekanligi, bolalarni it singari akillatish muolajasining ilmiy asoslari bor-yo‘qligi haqida ma’lumot so‘radik. Ammo u bu savollarimizni ochiq qoldirdi.

Savollarimizga javobni uning ijtimoiy tarmoqlardagi intervyularidan qidirib ko‘rdik. Unda aytishicha, bunday baqirib davolash uning shaxsiy metodi hisoblanadi. U o‘z qizini shunday usul bilan baqirishga majbur qilib davolagani va hozirda u tuzalib ketganini aytgan.

Shuningdek, intervyuda u bolalikda o‘ta kamsitilgani, ruhiy jarohatlari haqida ham gapirib o‘tgan.

Endi esa u bu metodni boshqa bolalarda ham qo‘llab ko‘rmoqda. Uning tarmoqqa joylangan deyarli barcha videolarida bolalarga nisbatan tahqir, kamsitishni ko‘rish mumkin.

Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova esa uning «ilmiy asosga ega bo‘lmagan, ruhiy va jismoniy zo‘ravonlik» usullarini ilgari surganini tasdiqlab, unga yangi jinoyat ishi ochilganini ma’lum qildi.