AQShning Turkiyadagi elchisi Zangezur koridorini 100 yil muddatga Amerika kompaniyasi ixtiyoriga topshirishni taklif qildi. Bu taklif nega aytilmoqda, unga mintaqa davlatlarining munosabati qanaqa bo‘ladi? Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida siyosiy tahlilchilar shu haqda so‘z yuritdi.

Kamoliddin Rabbimov: Armaniston bosh vaziri Pashinyan o‘z jamoatchiligini tinchlantirish uchun: “Biz xalqaro konsorsium tuzamiz, Zangezur koridoridagi suverenitetimizni yo‘qotmagan holda, faqatgina uni ma’lum bir shartlarda xalqaro konsorsium boshqaruviga beramiz, u bizga hisobot berib, iqtisodiy foydani ham o‘zimizga yo‘naltirib turadi”, degandi.

Aslida bu – Ozarboyjon va Turkiya o‘rtasidagi kelishuv shartlaridan bittasi. Ertaga Pashinyan ketadigan bo‘lsa, siyosiy vaziyat o‘zgarib, har safar muammo qaytalanmasligi uchun, Ozarboyjon va Turkiya turkiy dunyoni o‘zaro bog‘lovchi koridor masalasida Armaniston bilan uzoq muddatli kelishuvga erishmoqchi.

Amerikaning Turkiyadagi elchisi Pashinyanning bayonotidan kelib chiqib, agar xalqaro kompaniyaga beradigan bo‘lsanglar, o‘shani bizga beringlar, deyapti. Lekin bunga Armaniston, Ozarboyjon, Eron, Turkiya va Rossiya ham rozi bo‘lmaydi.

Balki bu yerda qandaydir bir detallar, o‘yinlar bo‘lishi mumkin. Misol uchun, Armaniston va Ozarboyjon ikkisi birgalikda Yevropada qandaydir bir konsorsium tuzishi yoki oldindan neytral, vazmin tashqi siyosat yuritadigan Skandinaviya kabi davlatlarning biror bir kompaniyasiga berishi mumkin. Lekin AQSh elchisi so‘rayotgan narsa, bu aslida butun bir mintaqadagi eng katta loyihani nazorat qilmoqchi.

Bunga hattoki NATOning a’zosi bo‘lgan Turkiya ham hech qachon rozi bo‘lmaydi. Chunki vaqti-vaqti bilan Erdo‘g‘an NATOning ichkarisida yoki Amerika prezidentlari bilan ham konfliktga borib turadi. Hozir Tramp bilan munosabatlar yaxshi, lekin kechagi Bayden bilan-chi? Bayden hokimiyatga kelayotganda aytgandi: “Men hokimiyatga kelsam, uchta odamni yo‘qotaman: Putin, Muhammad bin Salmon va Erdo‘g‘an” deb. Menimcha, Amerika elchisining so‘rayotgan narsasi qandaydir kattaroq bir rejaning boshlang‘ich nuqtasi bo‘lishi mumkin.

Shavkat Ikromov: Rossiyaning pozitsiyasi qanday bo‘ladi, degan masalaga ham to‘xtalsak. Umuman olganda, Zangezur koridorining ishga tushishi Rossiyaning iqtisodiy loyihalari uchun xalaqit beradigan masala emas. Agar chuqurroq tahlil qiladigan bo‘lsak, Moskva Kavkaz, Markaziy Osiyo, Eron va Yevrosiyo mintaqasi bo‘ylab transport liniyalarining bog‘lanishidan manfaatdor. Lekin geosiyosiy nuqtayi nazardan qaraydigan bo‘lsak, bu yerda Rossiya manfaatlariga mos kelmaydigan jihatlari ham bor, bu jihatlar Rossiyaning Eron bilan ittifoqchiligiga bog‘liq.