20 iyul kuni isroillik harbiylar G‘azo sektori shimolidagi «Zikim» nazorat-o‘tkazish punkti oldida to‘plangan falastinliklarni o‘qqa tutdi. G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, kamida 60 kishi halok bo‘lib, 100 dan ortiq kishi yaralangan. Bu ma’lumot hozircha boshqa mustaqil manba orqali tasdiqlanmagan.

Bu vaqtda chegara hududda BMT Butunjahon oziq-ovqat dasturi tomonidan yuborilgan insonvarlik yordamini olib kelgan 25 ta yuk mashinasi turgandi.

The New York Times yozishicha, odamlar nazorat-o‘tkazish punkti atrofida yakshanbaga o‘tar kechasiyoq yig‘ila boshlagandi, chunki oldinroq shu yerdan G‘azoga un ortilgan mashinalar o‘tishi haqida mish-mish tarqalgan. Yuk mashinalar karvoni ko‘rinish berganida esa odamlar unga qarab talpingan. Isroil harbiylari esa ularga qarata o‘t ochgan – armiya matbuot xizmati bayonotida bu «to‘g‘ridan to‘g‘ri xavfni bartaraf etish» zarurati bilan izohlangan. Armiya G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligining halok bo‘lganlar va yaralanganlar soni bo‘yicha ma’lumoti ishonchli ekaniga shubha bildirgan hamda o‘z tekshiruvini o‘tkazishga va’da bergan.

G‘azo SSV bundan bir kun oldin, 19 iyul kuni isroillik harbiylar G‘azo gumanitar fondining (GHF) insonparvarlik yordamini taqsimlash markazi yaqinida kamida 32 kishini o‘ldirgani haqida xabar bergandi. GHF obektlarida bunday holatlar ikki oydan (fond G‘azoda ish boshlaganiga shuncha vaqt bo‘ldi) buyon deyarli har kuni kuzatilmoqda. Isroil armiyasi har safar o‘nlab kishilar halok bo‘lgani haqidagi xabarlarni shubha ostiga qo‘ymoqda – shu bilan birga, askarlar odamlarni o‘qqa tutayotganini tan olmoqda.

GHF – Amerikaning notijoriy tashkiloti bo‘lib, Isroil unga G‘azoda insonparvarlik yordamini tarqatish huquqini taqdim etgan. Tashkilot 2025 yil fevralida aynan shu ish bilan shug‘ullanishi uchun maxsus tuzilgan. May oyida sektorda GHF’ning ilk markazi ish boshlagandi – hozirga kelib ularning soni to‘rttaga yetgan. Yordamni tarqatish bilan BMTning Falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish va ishlarni tashkillashtirish bo‘yicha Yaqin Sharq agentligi (UNRWA) shug‘ullangan vaqtda bunday yordam tarqatish punktlari soni yuzlab edi.

Isroil Hamas bilan hamkorlik qilishda ayblab, UNRWA’ning Falastin hududlaridagi faoliyatini taqiqlagandi. Uning bir necha xodimlari Hamasning 2023 yil 7 oktyabrda amalga oshirgan hujumida ishtirok etgan deb topilgan.