Xitoydan elektromobil olib kelib sotish bilan shug‘ullangan Bilol Mamajonov firibgarlikda ayblanmoqda. Undan 48 kishi jabrlangan. Ko‘pchilik mashina uchun 50-70 foiz miqdorda to‘lov qilgan. Ulardan jami 13 mlrd so‘m yig‘ilgan. Kun.uz muxbiri 24 iyul kuni JIB Yakkasaroy tuman sudida bo‘lib, jabrlanuvchilar bilan suhbatlashdi.

Kun.uz ushbu firma rahbari qamoqqa olingani haqida 2025 yilning yanvarida yozgan edi. Oradan 6 oy o‘tib, Bilol Mamajonov ishi sudga o‘tdi. Ammo ishni ko‘rayotgan sudya Alisher Jalilov sudlanuvchining qarshiligi sabab tasvirga olishga ruxsat bermadi.

24 iyul kungi yig‘ilishda ma’lum bo‘lishicha, 48 kishi «Bilol's motors»ga aldanib qolgan. Hozirgacha ularning 34 nafari sud tergovida ko‘rsatma bergan. Jabrlanuvchilarning so‘zlariga ko‘ra, «Bilol's motors» boshqa avtosalonlarga nisbatan arzon narx taklif etgani e’tiborni tortgan. Avtosalonda menejer lavozimida ishlagan Kamila mijozlar bilan shartnoma tuzgan. U kelganlarga mashina o‘rtacha 40-45 kundan 70 kungacha bo‘lgan muddatda topshirilishini aytgan. U mashina narxi nega arzonligi haqidagi savolga buni mashinalar to‘g‘ridan to‘g‘ri Xitoydan kelishi bilan izohlagan.

Ko‘pchilik mashinaga to‘lovning 70 foizini bank orqali to‘lagan, naqd ko‘rinishda berganlar ham bor. Biroq shartnoma shartlari bajarilmagan. Sud majlisi tugaganidan keyin jabrlanuvchilardan ayrimlari «Bilol's motors»ni qanday topgani-yu, mashinaga qancha to‘lov qilgani haqida gapirib berishdi.

«Men o‘g‘lim bilan 3-4 yil Rossiya sovug‘ida qiyinchilik ko‘rib, 4-5 so‘m pul topgandik. Keyin Telegram’dan «Bilol's motors» reklamasini ko‘rib, bunga qiziqish bildirdik. Telefon qilganimizda, u yerda Kamila degan menejeri bor ekan, shu ko‘tardi va bizga shartnoma berishini, shartnoma bo‘yicha 70 kunda Xitoydan avtomobil yetkazib berilishini aytdi.

Bu 18 noyabr kuni edi. Keyin shartnomani tashlab berdi. Shartnomada avtomobil narxi 344 million so‘m ko‘rsatilgan. Bu BYD Champion edi. Yana telefon qildim, kredit masalasi qanday bo‘lishini so‘radim. U Toshkentga kelsam, kredit masalasida ham yordam berilishini, oldindan 50 foizini to‘lashim, avtomobil kelganidan keyin qolgan 50 foizini kredit qilishga ko‘maklashishlarini aytdi.

Boshida ikkilandim, 10 kun ichida to‘lamay yurdim. Menga har 2-3 kunda telefon qilib turdi. Oxiri meni ishontira boshladi. Hech narsadan qo‘rqish kerakmasligi, firma 3 yildan buyon ishlayotgani, ko‘pchilikka mashina yetkazib berilganini aytdi. Men uning gapiga ishondim va bank orqali 174 million 586 ming so‘m o‘tkazdim. Bu 50 foizdan ozgina ko‘proq edi», deydi shaxsini sir tutgan jabrlanuvchi.