G‘azodagi Amerika-Isroil gumanitar jamg‘armasining insonparvarlik yordamini taqsimlash punktida qurolli qo‘riqchi bo‘lib ishlagan «Yashil beretlar» (AQSh quruqlikdagi qo‘shinlari maxsus kuchlari)ning iste’fodagi podpolkovnigi Entoni Agilar BBC xalqaro muharriri Jyeremi Bouenga bergan intervyusida amerikalik hamkasblari, shuningdek, Isroil qo‘shinlari G‘azodagi falastinliklarga qarata o‘t ochganiga shaxsan guvoh bo‘lganini aytdi.
G‘azo insonparvarlik jamg‘armasi (GHF) Isroil tomonidan BMTni G‘azodagi insonparvarlik yordamini taqsimlash jarayonidan chiqarib tashlash maqsadida tashkil etilgan va may oyidan ish boshlagan. Shu vaqt ichida uning to‘rtta oziq-ovqat tarqatish punkti atrofida mahalliy aholining ommaviy o‘limiga olib keladigan hodisalar bir necha bor sodir bo‘ldi; BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 21 iyulga kelib, bu joylarning faqat bittasi yaqinida kamida 766 kishi halok bo‘lgan.
«Men Isroil mudofaa armiyasi falastinliklarga qarata o‘q uzganiga guvoh bo‘ldim. Men TSAHALning «Merkava» tanki asosiy to‘pidan odamlar to‘planib turgan joyga snaryad otib, ushbu obektdan shunchaki chiqib ketayotgan fuqarolar bo‘lgan mashinani yo‘q qilganiga guvoh bo‘lganman. Men tinch aholini nazorat ostida ushlab turish uchun ularga qarata minomyotlardan o‘q uzilganining guvohi bo‘lganman», – dedi Agilar.
U bu voqealardan keyin G‘azo Gumanitar jamg‘armasidan iste’foga chiqqan. Jamg‘armaning o‘zi uning da’volari «mutlaqo yolg‘on» ekanini ta’kidladi va uning o‘zini «o‘zboshimchalik tufayli hamkorlik to‘xtatilgan norozi sobiq pudratchi» deb atadi. Agilar esa ishdan bo‘shatilishining bu versiyasini rad etadi.
Intervyu e’lon qilingandan so‘ng, Isroil mudofaa kuchlari mahalliy aholi bilan muammolarni kamaytirish uchun yordamni taqsimlash tajribasini «tizimli ravishda o‘rganayotgani»ni ma’lum qildi. Buning uchun to‘siqlar, ko‘rsatkichlar o‘rnatilishi, qo‘shimcha kirish yo‘llari jihozlanishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, harbiylar yordam tarqatish punktlari atrofida tinch aholi jabrlangani haqidagi xabarlar o‘rganilayotganini qo‘shimcha qilgan.
Entoni Agilar Isroilning G‘azo sektori bilan chegarasi yaqinida bo‘lgan Jyeremi Bouen bilan Vashingtondan videoaloqa orqali gaplashdi. Shuningdek, u amerikalik qo‘riqchilar falastinliklarga qarata o‘t ochayotgani aks etgan videolarni taqdim etdi. Xalqaro jurnalistlar G‘azo hududida mustaqil ishlash imkoniyatidan mahrum.


















