Ochlikdan qiynalayotgan falastinliklarning tasvirlari jahon hamjamiyatini larzaga solmoqda. Isroil G‘azodagi gumanitar inqiroz sababli tobora kuchayib borayotgan xalqaro tanqidlarga duch kelmoqda, biroq rasmiy Tel-Aviv bu tanqidlarni rad etmoqda. Isroil va HAMAS o‘rtasidagi Doha shahrida o‘tayotgan bilvosita sulh muzokaralari esa natijasiz yakunlandi.
Reuters nashrining yozishicha, harbiy harakatlar har kuni, mahalliy vaqt bilan soat 10:00 dan 20:00 gacha to‘xtatiladi. Bu vaqtinchalik tinchlik rejimi Al-Mavasi (G‘azo sohillaridagi insonparvarlik hududi), Deir al-Balahning markaziy qismi hamda G‘azoning shimoliy qismini hududini qamrab oladi.
Shuningdek, harbiylar yakshanbadan boshlab har kuni soat 06:00 dan 23:00 gacha oziq-ovqat va dori-darmon tashuvchi karvonlar uchun xavfsiz yo‘nalishlar ochilishini ma’lum qildi.
BMTning oziq-ovqat yordami agentligi (WFP) yakshanba kuni bergan bayonotida, Isroilning jangovar harakatlardagi pauzalaridan samarali foydalanish uchun yuk mashinalarining G‘azoga kirishiga tezkor ruxsatlar kerakligini bildirdi.

BMT gumanitar masalalar bo‘yicha koordinatori Tom Fletcherning aytishicha, yakshanba kuni Isroil yordam hajmini bir hafta davomida oshirishga rozi bo‘lganidan so‘ng ayrim harakat cheklovlari yumshatilgan ko‘rinadi. Dastlabki xabarlarga ko‘ra, 100 dan ortiq yuk mashinalari chegaralardan yordam ortib G‘azoga yo‘l olgan.
«Bu — bir qadam oldinga, ammo ocharchilik va sog‘liqni saqlash inqirozining oldini olish uchun juda katta miqdorda yordam kerak», — dedi Fletcher.
Yaqin oylarda ilk marotaba Iordaniya va BAA G‘azoga 25 tonnalik yordamni parashyut orqali yetkazdi, deya ma’lum qildi iordaniyalik rasmiy. Biroq bu havo tashuvlarini yer orqali yetkazib berishga muqobil deb bo‘lmaydi.
#UAE conducs 54th airdrop over #Gaza as part of ‘Birds of Goodness’ operation, in cooperation with #Jordan#WamNews https://t.co/m8h2v8fAxc pic.twitter.com/7RLuuiNq9n
— WAM English (@WAMNEWS_ENG) July 27, 2025











